Xitoyning i-Space xususiy kompaniyasi Hyperbola-1 to‘rt bosqichli ixcham raketa tashuvchini muvaffaqiyatli uchirdi. "Korrespondent.net"ning xabar berishicha, orbitaga ikkita sun’iy yo‘ldosh chiqarilgan.

Foto: Sinxua

Raketa Xitoy shimoli-g‘arbida joylashgan Gansu provinsiyasining Szyutsyuan kosmodromidan uchirilgan. Bu Xitoyda xususiy kompaniya tomonidan yaratilgan raketa tashuvchining birinchi marta muvaffaqiyatli uchirilishi hisoblanadi.

Hyperbola-1’ning umumiy uzunligi 20,8 metrni, korpusning maksimal diametri esa 1,4 metrni tashkil etadi. Parvoz og‘irligi 31 tonnani tashkil qiluvchi raketa 500 km balandlikka 260 kilogrammgacha bo‘lgan yukni olib chiqishi mumkin.

i-Space kompaniyasiga 2016-yilda asos solingan. U kichik raketa tashuvchilarni ishlab chiqarib, uning arzon narxda, lekin yuqori sifatli bo‘lishiga e’tibor qaratadi.