Dubay amiri Muhammad ibn Rashid al-Maktum va Iordaniya malikasi Hayya bint al-Husayn rasman ajrashayotganlarini e’lon qildi, deb yozadi “News.ru”.

Foto: Global Look Press

Londonda bo‘lib o‘tadigan ajrashish jarayonida mol-mulk emas, farzandlar kim bilan qolishi masalasi hal etiladi.

Xabarda aytilishicha, London sudidagi ilk eshituvlar 30—31-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Ajrashish to‘g‘risidagi arizalar allaqachon sudga topshirilgan.

“Bu eshituvlar bolalarning keyingi taqdiri, ularning farovonligiga doir bo‘ladi, moliyaga tegishli bo‘lmaydi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, qochib ketgan malika manfaatlarini advokat Fiona Sheklton himoya qiladi. U malika Diana va shahzoda Charlzning ajrashish jarayonida ishtirok etgan. Dubay amiri Muhammad ibn Rashid al-Maktum esa o‘z navbatida huquqshunos Elen Uordni yollagan bo‘lib, u qo‘shiqchi Madonnaning ajrashish jarayonida ishtirok etgan.

Iordaniyaning marhum podshohi Husayn ibn Talalning qizi, Iordaniyaning hozirgi podshohi Abdulloh II singlisi, 45 yoshli malika Hayya Dubay amiri Muhammad ibn Rashid al-Maktumga 2004-yilda turmushga chiqqan edi. U shayxning oltinchi va kenja rafiqasi bo‘ldi. Amirning barcha xotinlaridan 23 nafar farzandi bor.