Italiyaning Neapol shahri mezbonlik qilayotgan Universiada—2019 musobaqasida o‘zbekistonlik tennischilar oltin medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmat ma’lum qildi.
O‘zbekiston vakillari final bahsida koreyalik tennischilarga qarshi kortga chiqdi. O‘yinning birinchi setida 7-6 hisobida o‘zbekistonliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkinchi setda 6-4 hisobida koreyaliklar ustunlik qildi. Tay-breykda (qo‘shimcha geym) 10-5 hisobida zafar quchgan Shuhrat Qayumov shogirdlari oltin medaliga egalik qildi.
Ma’lumot uchun, final uchrashuvida ishtirok etgan Sanjar Fayziyev O‘zbekistoning uchinchi, Humoyun Sultonov esa beshinchi raketkachisi hisoblanadi. Jahon reytingida ular mos ravishda 310- va 380-o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, 12-iyul kuni erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan yakkalik bahslarining yarim final o‘yinida ham g‘alaba qozongan Humoyun Sultonov 13-iyul kuni finalda Xitoy Taypei vakili Tseng Chun-Xsinga qarshi kortga tushadi.
Avvalroq o‘zbekistonlik taekvondochi Niyoz Po‘latov kumush medalini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)