O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, turizm va iqtisodiyot sohalari bo‘yicha Buxoro va fransuz mamlakati oliy ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, ayni yo‘nalishlarda malakali mutaxassislar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, deb ma’lum qiladi Buxoro viloyat hokimligi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

Bunda viloyat hokimi O‘.Barnoyev boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil aprel oyida Fransiyaga qilgan tashrifi chog‘ida oliy ta’limda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir kelishuvlarga erishilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Muloqotlar natijasida Buxoroda Vatel mehmonxona va turizm biznesi institutini ochish bo‘yicha bitim imzolangandi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

Shunga ko‘ra, Buxoro davlat universitetida Vatel mehmonxona va turizm biznesi instituti o‘z ishini boshladi. Ma’lumot uchun, 2019—2020-o‘quv yilidan ko‘plab yigit-qiz institutning qaldirg‘och talabasi bo‘lish baxtiga erishadi. “Marko Polo” o‘quv dasturi asosida ta’lim beriladigan mazkur institutda talabalar 2-bosqich davrida Vatel’ning 59 ta shunga o‘xshash maktablaridan birida bir yillik tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi.