30-iyun kuni Samarqand shahridagi Ko‘k saroy xiyoboniga o‘rnatilgan bo‘m-bo‘sh kitob javoni yuzasidan Milliy gvardiya viloyat bo‘limi izoh berdi. Bu haqda Zarnews xabar qiladi.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusining 4-yo‘nalishi ijrosini ta’minlash hamda yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida 2019-yil 26-iyun kuni Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydoni va Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i hududiga kitob javonlari o‘rnatgan. Ushbu kitob javonlariga turli xil badiiy kitoblar qo‘yilgan. Maqsad – javonda turgan kitoblarni yoshlar bo‘sh vaqtida olib o‘qib, yana joyiga qo‘yib ketishi kerak bo‘lgan.
Ammo bugungi kungacha samarqandliklar tomonidan javondagi kitoblar olib ketilgan hamda qaytarilmagan. Ko‘k saroy maydonidagi javonga ikki marta Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i hududidagi javonga esa uch marta 200 ga yaqin kitob qo‘yilgan. Kitoblarni o‘g‘irlatmaslik maqsadida kelgusida mazkur javonlarga to‘liq video kuzatuv uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
“Hurmatli fuqarolar! Ushbu javonlardagi kitoblar uyda o‘qish uchun emas, balki kitob javoni yonidagi o‘rindiqlarda o‘tirib, o‘qib bo‘lgach yana joyiga qaytarib qo‘yish uchundir. Zero, sizdan boshqa fuqarolar ham ushbu kitobni o‘qish ishtiyoqida yurganini unutmang!”— deyiladi izohda.
Izoh (0)