2019-yil 1-iyul kunidan O‘zbekiston Respublikasi FVV tomonidan eshitish va nutqida muammosi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dispetcherlik xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qiladi.
Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-martdagi “Eshitish va nutqida muammosi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etildi. Yangi tashkil etilgan xizmatga professional surdotarjimonlar ishga qabul qilindi. Agarda eshitish va nutqida muammosi bo‘lgan shaxslar ko‘ngilsiz holat yoki qiyin vaziyatga tushib qolib, yordamga muhtoj bo‘lsalar Favqulodda vaziyatlar vazirligida barcha zaruriy aloqa vositalari bilan jihozlangan dispetcherlik xizmatiga murojaat qilishlari mumkin.
Dispetcherlik xizmatining asosiy vazifasi etib, eshitish va nutqida muammosi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, ularning vakillari tomonidan texnik vositalar (video qo‘ng‘iroqlar, matnli xabarlar, maxsus dasturiy ta’minotdan foydalangan holda qo‘ng‘iroqlar va boshqalar) orqali bo‘ladigan murojaatlarga shoshilinch tezkor xizmatlarning (101, 102, 103, 104, 1050) kecha-yu kunduz javob berishlarini muvofiqlashtirgan holda ta’minlash belgilangan.
Videoaloqaga chiqish: JusTalk (+998) 93 – 501-50-54 (+998) 93 – 501-50-58 Telegram orqali aloqaga chiqish: (+998) 93 – 501-50-54 (+998) 93 – 501-50-58Telefon raqami: (+998) 71 – 212-66-00Elektron pochta manzili: ds@fvv.uz
Izoh (0)