Milliy olimpiya qo‘mitasida sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining Tokio—2020 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonini yanada takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” dasturining namoyishi 20-iyun, payshanba kuni o‘tkazildi. Bu haqda tashkilotning matbuot xizmati xabar berdi.
“Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik juda ham qizg‘in kechmoqda. Biz ishlab chiqqan reja har tomonlama qamrab olingan. To‘g‘ri vaqtimiz juda oz, shu boisdan, bor e’tiborimiz hozirda Olimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlikka qaratilgan. Qolaversa, federatsiyalarga yangi, zamonaviy sport bazalarini qurish bo‘yicha ham dastlabki qadamni tashlayapmiz. Bir necha kun ichida Toshkent viloyatidagi Hojikent maskanida og‘ir atletikachilar uchun yangi baza qurilishi boshlanadi. Yil davomida velosport va o‘q otish sporti federatsiyalari uchun ham zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan bazalarni qurish rejaga kiritilgan. Bularning barchasi sportchilarimizni Olimpiadaga tayyorlashdan tashqari, avvalo, jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida olimpizm g‘oyalarini ilgari surish maqsadida qilinyapti”, — dedi MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov.
“Yo‘l xaritasi” doirasida sport turlari bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurashayotgan atletlar, ularning saralash va Tokio—2020 dagi asosiy raqiblari individual tarzda o‘rganilayotgani, sport turlariga qarab terma jamoa vakillarining ovqatlanish ratsioni, vitaminlar bilan ta’minlash va farmokologik vositalar berilishi kerakligi tushuntirib o‘tildi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)