Avval xabar berganimizdek, bugun  Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zMUda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zMU matematika fakulteti 4-kurs talabasi Sardor Bozorboyev so‘zga chiqib, o‘z tajribasidan kelib chiqib, S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyi o‘quvchilarini matematika fanidan xalqaro olimpidaga tayyorlayotgani, o‘quvchilari Rossiyada bo‘lib o‘tgan olimpiadalarda munosib ishtirok etgani haqida gapirib berdi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabarida aytiladi.

Arxiv. Foto: “Mt.uz”

Prezident talabaning ishtiyoqi, tashabbuskorligi va Vatan ravnaqi yo‘lidagi fidoyiligi uchun “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umirzoqovga Sardor Bozorboyev uchun avtomobil ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shavkat Mirziyoyev Xalq ta’limi vazirligiga talaba bilan hamkorlik qilish, o‘quvchilarni xalqaro olimpiadaga tayyorlashda uning tajribasidan foydalanish, mehnatlarini munosib rag‘batlantirib borishni tavsiya qildi.

Ma’lumot uchun, Sardor Bozorboyev 2015—2018-yillarda matematika fanidan respublika va xalqaro miqyosidagi o‘tkazilgan olimpiada va musobaqalar sovrindori, “Yil talabasi—2018” tanlovi g‘olibi, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi (2017).