Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu sud majlisida taqiqlangan diniy mavzudagi materiallarni tarqatgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudi raisi Jamolbek Jumaniyozov xabar qildi.
Sudlanuvchi A. Asqarov (ism-shariflar o‘zgartirilgan), 2018-yilning iyun—iyul oylari davomida Buxoro viloyati Shofirkon tuman “Bobur” mahalla fuqarolari yig‘inining “Pulbandi” qishlog‘idagi yashash uyida o‘ziga tegishli bo‘lgan SAMSUNG GALAXY S4 rusumli uyali aloqa telefoni orqali Telegram akkauntiga “Bobur” nomi bilan ulangan. “Jihodchilar” diniy ekstremistik tashkiloti tomonidan tayyorlangan Abduvali qori Mirzayevning “Anfol” surasining tafsiri, “Badr” jangi, islom shariati, namoz, axloq-odob va shirk amallari to‘g‘risidagi ma’ruzalari, shuningdek, no’malum shaxs tomonidan ular faoliyat olib borayotgan yerlarga kelish, kofirlar faqat juzya to‘lash orqali hayot kechirishlari, ularning bayroqlarini baland qilish kabi mavzuda kuylangan qo‘shiqlarni Google tizimi orqali yuklab olib, ularni eshitib, o‘zining uyali aloqa telefonida kelgusida tarqatish maqsadini ko‘zlab saqlab kelgan.
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-yanvardagi 10-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 18-bandi talablariga zid ravishda, 1992-yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan fuqaro A. O. ning Telegram akkauntiga ushbu ma’ruzalarni yuborgan.
Shundan so‘ng, A. O. A. Asqarovning yuqoridagi noqonuniy harakatlari yuzasidan unga qonuniy chora so‘rab, 2018-yil 20-iyulda DXX Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, A. Asqarov bilan Telegram yozishmalari mavjud bo‘lgan uyali aloqa telefonini taqdim etgan. Shu asosda A. O. va A. Asqarovlar o‘rtasida yozishmalar mutaxassis yordamida CD diskka ko‘chirilib, ekspertizaga taqdim etilgan.
Sud yuqoridagi jinoyatchilarni Jinoyat kodeksining 2441-moddasi 3-qismining “g” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi va ularga yuqoridagi modda sanksiyasi bo‘yicha jazo tayinladi.
Izoh (0)