Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan paralimpiya dzyudosi bo‘yicha Gran-pri musobaqasida o‘zbekistonlik sportchilar 4 ta oltin va 4 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Erkaklar o‘rtasida -73 kg vazn toifasida bahsga kirishgan Feruz Sayidov, -81 kg vazndagi dzyudochi Davurxon Karamatov hamda ayollar o‘rtasida esa +100 kg vazndagi Shirin Sharipova va -63 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nafisa Sheripboyeva oltim medalini qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari o‘zbekistonlik 4 nafar ayol sportchilar Lobar Xurramova (-48 kg), Sevinch Salayeva (-52 kg), Parvina Samandarova (-57 kg) hamda -63 kg vazn toifasidagi Vasila Aliboyeva uchinchi o‘rinni egallab, terma jamoa hisobiga 4 ta bronza medalini taqdim etdi.

Shu tariqa O‘zbekiston umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarni esa Ozarbayjon (3 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza) va Ukraina (1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza) terma jamoalari egalladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqa Tokio—2020 Paralimpiya o‘yinlari uchun reyting ochkolarini ham taqdim etadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!