2018-yilning 18-noyabr kuni otasini belkurak bilan urib o‘ldirgan Vobkent tumanidagi “Shakarkent” mahalla fuqarolar yig‘ini Rome qishlog‘ida yashovchi Shahobiddin Hamidov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan)ga nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi sudyasi Boborahim Ochilov ma’lum qildi.

Foto: “Huquq”

Ma’lum bo‘lishicha, 1982-yilda tug‘ilgan, Qorovulbozor tumanidagi “Neftgazquduqta’mirlash” UKda ishchi vazifasida ishlab kelgan Shahobiddin Hamidov O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 97-moddasining 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan ayblangan. U o‘tkir tig‘li belkurak bilan otasi Murod Hamidov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan)ni belkurakning temir qismi bilan uning bosh sohasiga uch marotaba urib, qasddan o‘ldirgan. G‘ijduvon tuman sud tibbiy ekspertiza bo‘limining 2018-yil 17-dekabr kunidagi 60-sonli sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, marhum Murod Hamidovning o‘limi bosh miya ochiq jarohatlanishi, bosh miya to‘qimasi jarohati, kalla gumbazi suyaklarini sinib asosiga o‘tishi oqibatida yuzaga kelgan.

— Ukam 2010-yilda uylangan. Otam va ukam o‘rtasidagi kelishmovchilik xuddi shu yildan boshlangan. Otam uyda hech kim bo‘lmaganidan foydalanib, olti oylik homilasi bor yoshgina kelinimizga onamizning betobligi tufayli uy-joy, mashina va mol-mulkni uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan jinsiy yaqinlik talab qilgan. Bu talab bir necha marta takrorlangan. Kelin qo‘rqib ketgan va bu haqda bor gapni menga va onamga bildirdi. Otam avvaliga tan olmay, kelinni tuhmatchiga chiqargach, men otamga yolg‘ondan “ovozingiz yozib olingan”, deganimdan so‘ng aybini tan olib, kechirim so‘radi. Bu haqda esa ukamga gapirmadik. Ammo oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas, otam yana o‘z kelinidan jinsiy yaqinlik talab qilgan. Ukamga aytishga majbur bo‘ldik. Shu voqea sabab otam va ukam o‘rtasida kelishmovchilik boshlandi. 2012-yilda esa onam vafot etdi. Kelishmovchiliklar battar avj oldi, — deya sudga ko‘rsatma berdi marhumning qizi, jabrlanuvchi Diyora Hamidova (ismi sharifi o‘zgartirilgan).

Shahobiddin Hamidov esa otasi va turmush o‘rtog‘i o‘rtasida ishqiy munosabat borligi haqida shubhalanib kelgan. 2015-yilgacha birga yashab, uch nafar farzandi tug‘ilganiga qaramay, u bilan er-xotin sifatida yashay olmasligini aytib, ota-onasining uyiga yuborgan. 2015–2017-yillar davomida Rossiyaga ketgan. 2018-yil sentabr oyida turmush o‘rtog‘i bilan ajrashish uchun sudga ariza bergan. 18-noyabr kuni tomorqa yerlarini ag‘darib berishda ko‘maklashish uchun opasining hovlisiga borgan. Xuddi shu vaqtda otasi Murod Hamidov o‘g‘lini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib keladi. Qizi va nevaralari to‘xtatmoqchi bo‘lganda, ularni itarib yuborgan. Ma’lum bo‘lishicha, u shu kuni spirtli ichimlik iste’mol qilgani uchun mast bo‘lgan.

— Otam qo‘lida bolta ko‘tarib, ustimga bostirib kela boshladi. Men ham o‘zimni himoya qilish maqsadida belkurakdan foydalandim. O‘zim sezmagan va anglamagan tarzda mening turmush o‘rtog‘im bilan ajralish masalasida sudga ariza berganim sababli u o‘zini sudga chaqirilishidan qo‘rqqan va meni o‘ldirish uchun kelgan, deb o‘ylab, jahl ustida yelka va bosh qismiga belkurak bilan uch marta urdim. Qilmishimdan pushaymonman, — dedi sudda Shahobiddin Hamidov.

Shahobiddin Hamidov 3 nafar farzandi borligini, oilaviy ahvolini inobatga olib, qonuniy yengillik berishni so‘rab ko‘rsatma bergan.

Sud sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlashda, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, shaxsini, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi boshqa barcha holatlarini, shuningdek, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan jabrlanuvchining xatti-harakatlarini inobatga olib, unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 97-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan. Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.