“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Turkiya AQSh bilan yuzma-yuz

Foto: Google Photos

Masala Yaqin Sharq ekan, AQSh bilan Turkiya o‘rtasida “strategik hamkorlik” to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas, deb yozmoqda Turkiyadagi Milliyet nashri. Mintaqaviy masalalarda birlik tugul yaqinlik ham yo‘q. Aksincha, qaysi bir muammoni olib qaramang, ikki mamlakat o‘rtasida bahs va kelishmovchilik kelib chiqadi.

Yaqin Sharqni Amerika loyihasi bo‘yicha bo‘lib olish borasida Turkiya AQShga rozilik bermay keladi.

Bahsli masalalar

Birinchi o‘rinda Suriya. Turkiyaga Suriyadagi “Demokratik ittifoq” partiyasi va “O‘zini o‘zi mudofaa qiluvchi milliy otryadlar” guruhini yo‘qotish asosiy maqsad. AQSh esa bu partiya va guruhlarni dastaklab keladi. Ko‘p oylardan beri davom etib kelayotgan muzokaralarda AQSh va Turkiya bir bitimga kela olgani yo‘q.

Ikkinchisi — Falastin masalasi. Bu ham jiddiy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Turkiya falastinliklarni himoya qilib keladi, AQSh bo‘lsa Quddus va Golan tepaliklari masalasida Isroil tarafida.

Uchinchisi — Turkiya AQShning Eronga nisbatan joriy qilgan iqtisodiy jazo choralariga qarshi va Eron bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.

Saudiya Arabistoni va BAA masalasida AQSh va Turkiya bir-biriga qarshi. “Musulmon birodarlar” harakatiga AQSh va Turkiya mutlaqo qarama-qarshi nuqtai nazardan yondashadi.

Turkiyaning chaqirig‘i

Rasmiy Anqara mustaqil siyosat yurgizishga intilib, mintaqada AQShga qarshi chiqishdan hayiqmayapti. Bu esa AQSh Anqaraga strategik hamkor sifatida qaramasligiga olib kelmoqda. Yaqin Sharqda AQSh va Turkiya raqobatchiligi yuzaga kelib, hech shubhasiz, faoliyat mustaqilligi — imkoniyat masalasiga aylanmoqda. Ikkinchisi borasida Turkiya o‘ziga to‘liq ishonmoqda.

Fors ko‘rfazida qurol jarang-jurungi

Foto: EPA

“Umuman olganda, prezident Donald Tramp AQShni dunyoning jandarmi maqomidan xalos qilmoqchi edi. Lekin AQSh, aksincha, dunyoning ayrim qaynoq nuqtalaridagi keskinlikni yanada keskinlashtirmoqda”, — deb yozadi Shveysariyaning Neue Zürcher Zeitung nashri.

Barak Obama hukumatidan farqli ravishda, Tramp Isroilni qo‘llab-quvvatlamoqda. Isroil esa Eronni eng katta dushman va tahdid deb biladi.

Aprel oyining o‘rtalarida AQSh Erondagi Islom inqilobi qo‘riqchilari harakatini terroristik tashkilot deb e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Eron nefti sotib olinishini muvofiqlashtirishdan voz kechildi. Natijada Erondan neft sotib olayotgan kompaniyalarga iqtisodiy jazo qo‘llanilishi xavfini keltirib chiqardi. Bu ham yetmaganiday, 5-may sanasida AQSh “Avram Linkoln” harbiy uchoq tashuvchi jangovar kemasini va qiruvchi uchoqlarini Fors ko‘rfaziga yubordi. AQShning mazkur harakati ochiq izohlanmayotgan bo‘lsa-da, aytish mumkinki, Eronning Xurmuzd ko‘rfazini yopishga qaratilgan xatti-harakatiga javobdir. Mazkur tor bo‘g‘ozdan jahon neft hajmining uchdan bir qismi olib o‘tiladi. Uning yopib qo‘yilishi neft narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.

Xullas, Donald Tramp oldingi niyatlaridan voz kechib, dunyoning bir nechta hududlarida — Shimoliy Koreya, Venesuela, Kuba va Eron masalasida keskinlikni avj oldirmoqda. Bunday tashqi siyosatdan asosiy maqsad Trampning kelgusi saylovda saylovchilar ovozini qo‘lga kiritish maqsadi ham bo‘lishi mumkin. Saylov marafoni esa allaqachon boshlab yuborilgan.

Buyuk Britaniya. Qirolicha xonadonida yana bir merosxo‘r tug‘ildi

Foto: Reuters

6-may sanasida Buyuk Britaniya qirollik oilasida qirollik farzandi tug‘ildi, deb yozadi Le Figaro nashri. Kensington matbuot xizmati ommaviy axborot nashrlariga ma’lum qilar ekan, “qirollikning to‘rt farzandi” Londondan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Vindzor qasrida tug‘ilgani, chaqaloq 3 kilo 260 gramm tug‘ilgani haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi. An’anaga ko‘ra chaqaloqning tug‘ilgani haqida dastavval qirolicha Yelizaveta xabardor bo‘ldi. Shunday qilib, Yelizaveta II ning evaralaridan sakkizinchisi taxtga yettinchi da’vogar sifatida dunyoga keldi. Bu unga bobosi shahzoda Charlz, amakisi Uilyam, amakivachchalari shahzoda Jorj, Lui va Sharlotta va o‘zining otasi shahzoda Garridan so‘ng taxtga chiqish imkonini beradi. Bu esa unga qachonlardir oliy unvonga sazovor bo‘lishning ehtimolini yo‘qqa chiqaradi va uning boshqalar kabi mehnat qilib kun ko‘rishini anglatadi.

Keyt va Uilyamning farzandlaridan farqli ravishda, Garri va Meganning o‘g‘li shahzoda unvonini olmaydi. Chunki qirol Georg V ning 1917-yilgi buyrug‘iga ko‘ra, faqat katta o‘g‘ilning katta o‘g‘ligina shahzoda unvoniga ega bo‘lishi mumkin. Lekin 2012-yilning dekabrida qirolicha Yelizaveta II shahzoda Uilyamning barcha farzandlari bir xil maqomga ega bo‘lishi haqida buyruq chiqardi.

Yaqin kunlarda Garri va Megan o‘z uyiga qaytadi. Ular bolaning normal holatda o‘sishini istashini ma’lum qilgan.

Eronning yadro bitimidan qisman chiqishi Yevropada qanday aks sado bermoqda?

Foto: Le Figaro

Fransiyada chop etiladigan Le Figaro nashri AQShning yadro dasturi bitimidan chiqishi va Islom inqilobi qo‘riqchilarining qora ro‘yxatga kiritilishiga javoban Eron hozircha bitimdan chiqmagani, ammo og‘ir suv va boyitilgan uran masalasidagi cheklovni bekor qilgani haqida maqola e’lon qildi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning aytishicha, bu Vena bitimiga muvofiq keladi, chunki tomonlardan biri o‘z majburiyatini bajarmayapti.

Albatta, bu Trampning harakatlari bilan bog‘liq. Uning Eronga qarshi AQSh sanksiyalarini qayta tiklashi Eron iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qilmoqda. Chorshanba kuni AQSh prezidenti Eron iqtisodiyotining temir, po‘lat, alyuminiy, mis sohalariga ham jazo choralarini e’lon qildi. Natijada o‘ta o‘ng fors konservatorlarining barcha bitimlarni bekor qilish tazyiqi ostida qolgan Ruhoniy va Eron rahbari Ali Xomanaiy kelishilgan bitimlarni bekor qilmoqchi emas.

Le Figaro nashrining yozishicha, Eron Donald Tramp va uning atrofida to‘plangan aksileronchi guruhlarning qopqoniga tushmadi va masalani bitimni imzolagan davlatlar diqqatiga havola qildi. Agar bu davlatlar, ayniqsa Yevropa 60 kun ichida neft va bank sohasidagi AQSh sanksiyalarining oqibatlariga qarshi topa olmaydigan bo‘lsa, Eron yadroviy bitimning boshqa majburiyatlaridan voz kechishini ma’lum qildi.

Yevropa Kengashining Eron masalalari bo‘yicha eksperti Elli Geranmayening Twitter’da yozishicha, Eron ko‘p bosqichli javob tanlab, jazo choralarining iqtisodiy oqibatlarini yumshatish borasida Yevropa va Xitoyga bosim o‘tkazmoqda.

Eron tarafida bitimni imzolagan davlatlarga yuborilgan xabarlarda Tehron o‘z yerida ushlab turgan millionlab afg‘on qochqinlari va narkosavdogarlar masalasida ham po‘pisa mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, Eron yolg‘iz jabrlanuvchiga aylanib qolmoqchi emas, chunki u barcha majburiyatlarini bajargan.

Bunday do‘q-po‘pisa o‘zini oqlaydi deb bo‘lmaydi. Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya jazo choralarini tiklashi mumkinligidan ogohlantirdi. Hatto Xitoy ham barcha taraflar o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishi lozimligini ta’kidladi. Faqatgina Rossiya Eronni quvvatlab chiqmoqda.

Erdo‘g‘onning katta xatosi

Foto: Google Photos

Istanbuldagi mahalliy saylov natijalarni bekor qilib, Erdo‘g‘on Turkiyada demokratiyaning asosiy tamoyillari asosiga bolta urdi, deb yozadi Haaretz nashri. Bu hokimiyat qudratini emas, aksincha, zaifligini, o‘sib borayotgan beqarorlikni fosh qilish va o‘z kuchiga ortiqcha baho berish bo‘ldi.

Ulkan megapolisni Erdo‘g‘ondan tortib olgan Akrom Imomo‘g‘li bir necha hafta merlikdan so‘ng o‘z vazifasidan mahrum etildi. Istanbul markazida uyushtirilgan mitingda u eng yaxshi nutqini irod qilib, bundan keyingi voqealar uchun javobgarlikni o‘z bo‘yniga oldi. “Hech kim bu mamlakatda demokratiyani to‘sib qo‘ya olmaydi, — dedi u. — Biz hech qachon taslim bo‘lmaymiz, chunki men olg‘a yurganimda hech qachon yolg‘iz bo‘lmasligimni bilaman”.

U o‘zini Istanbulning 16 million aholisi qo‘llayotganini, ular uchun ishlayotganini aytdi. Akrom Imomo‘g‘li saylov komissiyasining qarorini “xoinlik” deb atadi va o‘z tarafdorlariga umidni so‘ndirmaslikka chaqirdi. U umidbaxsh “hammasi yaxshi bo‘ladi” degan shior ishlatdiki, bu shior ijtimoiy tarmoqlarda heshtegli trendga aylandi.

Erdo‘g‘onning xatti-harakatiga nisbatan xalqaro munosabat ham tezkor va keskin bo‘ldi.

Yevropa parlamentining Turkiya bo‘yicha voizi Kati Piri  Twitter’dagi sahifasida “Erdo‘g‘on mag‘lubiyatni tan olmadi va xalq irodasiga qarshi bormoqda. Bu Turkiyada hokimiyat demokratik yo‘l bilan o‘tishiga ishonchni qo‘poradi”, — deb yozdi.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari Federika Mogerini Turkiya Yevropa Kengashi a’zosi sifatida o‘z majburiyatini buzmoqda, deb ogohlantirdi.

Turk lirasi ham Erdo‘g‘on qaroridan so‘ng keskin tushib ketdi: 1 dollar 6,13 lira qiymatida bo‘lib turibdi.

Imomo‘g‘li saylovlar vaqtidayoq Erdo‘g‘on tarafdorlarining bosimini boshidan kechirgan, ammo g‘olib chiqqan edi. Istanbuldagi mag‘lubiyat Erdo‘g‘on uchun kamsitilish bo‘ldi, chunki u aynan Istanbulda 1994-yili mer sifatida siyosiy ko‘tarilishni boshlagan edi.

Erdo‘g‘on 2013-yili G‘ozi bog‘idagi noroziliklarni bostirgandan keyin qurilish ishlarini o‘z tarafdorlari bo‘lgan kompaniyalarga topshirgan edi. Shu davrdan beri mamlakatda inqiroz davom etmoqda va dabdabali qurilishlar shaharni ifloslantirmoqda.

Istanbulning og‘izga tushgan xalqaro aeroporti sarmoyadorlar uchun tubsiz jarlik va ko‘plab ishchilar uchun qabristonga aylandi. Iqtisodiy tushkunlik tufayli Erdo‘g‘on ulkan “Istanbul” kanalini qazish loyihasidan voz kechishga majbur bo‘ldi.

Istanbul saylovlarining bekor qilinishi Erdo‘g‘on partiyasi “Adolat va taraqqiyot” uchun katta zarba bo‘lishi mumkin. Odamlar g‘azablangan va bunga ular batamom haqli. Muxolifat yangi saylovlarda g‘alaba qilishi uchun imkoniyat yetarli. Erdo‘g‘on va uning pariyasiga og‘ir bo‘ladi.

Eskerra otryadi yoxud Gitler bunkerini himoya qilgan uch yuz ispan

Foto: ABC Historia

SSSRga qarshi hujumga tayyorlanar ekan, Gitler unga fuqarolik urushi vaqtida ko‘rsatilgan yordam uchun javob qaytarishni so‘radi. General Franko Germaniyaga yordam uchun “zangori diviziya”sini yubordi. Bu diviziya ispaniyalik ko‘ngillilardan iborat bo‘lib, 18 mingdan ziyod shaxsiy tarkibga ega edi. “Zangori diviziya”ning urushdagi ishtiroki 1943-yilda tugadi. AQSh va Angliyaning bosimi ostida general Franko o‘z ko‘ngillilarini ortga chaqirib oldi, deb yozadi Ispaniyaning ABS Historia nashri.

Lekin sovetlarga qarshi kurashni davom ettirishni istagan bir guruh ispan ofitserlari Sharqiy frontda qolib, 1,5 ming kishidan iborat “Ispaniya ko‘ngillilar guruhi”ni tuzadi va Volxov frontida jangni davom ettiradi. Mag‘lubiyatga uchrayvergach, Franko ularni ham Ispaniyaga qaytarib olib keladi va chegaralarni bekitib qo‘yadi. Ammo ispan ko‘ngillilari turli yo‘llar bilan Germaniya qo‘l ostida bo‘lgan Fransiyaga o‘tib oladi. Bu yerda ulardan ikkita bo‘linma tuzilib, ularni fyurerni qo‘riqlaydigan Waffen SS diviziyasiga qo‘shib qo‘yishadi.  Keyinroq ularni barcha chet elliklar xizmat qiladigan Vallon diviziyasiga o‘tkazishadi.

Vallon diviziyasi ham tor-mor etilgach, Migel Eskerra Germaniyaning turli joylarida urushda qatnashayotgan ispanlardan harbiy bo‘linma tuzish vakolatini oladi. “Zangori diviziya” faxriysi Eskerra 300 dan oshiq ispanlardan ko‘ngilli bo‘linma to‘playdi va Waffen SS tarkibiga qo‘shiladi. Mazkur guruh janglarda toblangani uchun sovet qo‘shinlariga o‘ta kuchli qarshilik ko‘rsatadi. Ko‘rsatgan xizmatlari uchun Gitler Eskerrani o‘z bunkerida “Ritsarlik xochi” bilan taqdirlaydi.

Eskerra bo‘linmasi doiraviy mudofaa tashkil etib, so‘nggi janglarda fyurerning bunkerini oxirgi damlargacha himoya qiladi. 30-aprel sanasida Gitler o‘z joniga qasd qiladi.

Nemislar taslim bo‘lgach, ispanlar ham taslim bo‘ladi va omon qolganlari harbiy asirlar lageriga yuboriladi. Eskerra esa qandaydir yo‘llar bilan qochib qutulib, Ispaniyaga qaytib keladi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.