“Yulduzlar jangi” filmining yangi epizodlari 2022, 2024 hamda 2026-yillarda ekranga chiqadi. Bu haqda mazkur franshizani suratga olish huquqiga ega Walt Disney Company’ga asoslanib, Reuters xabar berdi.

Foto: EADaily

Joriy yilning oxirida kinosaganing to‘qqizinchi epizodi — “Skayuokerning uyg‘onishi” prokatga chiqadi, u rejissor Jey Jey Abrams tomonidan suratga olingan. Bu trilogiyaning so‘nggi qismi bo‘ladi.

Disney ijrochi direktori Bob Aygerning ta’kidlashicha, kompaniya ozgina tanaffus qilishga va uch yildan so‘ng “Yulduzlar jangi”ning yangi qismlarini chiqarishga qaror qilgan. Kelajakda suratga olinadigan epizodlarning nomi hozircha sir saqlanmoqda.

Shuningdek, kompaniya “Avatar-2” filmining premyerasini 2020-yildan 2021-yilning dekabriga ko‘chirgani ma’lum bo‘ldi. So‘nggi qismini esa 2027-yilda chiqarish rejalashtirilgan. Kartinaning birinchi qismi 2009-yilda ekran yuzini ko‘rgan va tarixdagi eng kassabop filmlardan biriga aylangan edi.

Disney 2019-yilning martida 21st Century Fox’ning ko‘ngilochar aktivlarini sotib olgandi. Kelishuv summasi 70 milliard dollardan oshgan. Kompaniya “Avatar” huquqi bilan birga “Simsonlar” multserialini tasvirga olish huquqini ham qo‘lga kiritgan edi.