Futbol bo‘yicha Fransiya chempionatining 34-turida “Lill” hujumchisi Nikolya Pepe “Nim” darvozasiga gol urdi (5:0).
Bu 23 yoshli vingerning joriy mavsum Liga 1’dagi 20-goli bo‘ldi.
Get French Football News’ning xabar berishicha, Pepe 1961/62-yilgi mavsumdan buyon Fransiya chempionatining yuqori divizionida 20 ta gol urgan birinchi kot-d’ivuarlik futbolchi bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, 57 yil avval “Monpelye” sobiq o‘yinchisi Seku Ture ushbu natijaga erishgandi. 2003/04-yilgi mavsumda “Le-Man”, “Gengam” va “Marsel” klublarida to‘p surgan Didye Drogba esa 19 ta gol urgandi.
Bundan tashqari Pepe mazkur chempionatda “Lill” tarkibida Eden Azardan keyin 20 ta gol urgan birinchi futbolchi bo‘ldi. Belgiyalik 2011/12-yilgi mavsumda ushbu ko‘rsatkichni qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Nikolya Pepe musobaqaning to‘purarlari bahsida faqatgina PSJ hujumchisi Kilian Mbappedan ortda qolmoqda. Fransuz hisobida 27 ta o‘yinda urilgan 30 ta gol mavjud.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)