Mercedes-Maybach elit avtomobillarini ishlab chiqaruvchi Daimler kompaniyasi ushbu rusumdagi mashinalar qanday qilib Kim Chen Inning garajiga borib qolganini bilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Foto: Associated Press

“Ushbu transport vositalari qanday qilib Shimoliy Koreyaga borib qolgani haqida hech bir tasavvurga ega emasmiz”, — deya ma’lum qildi kompaniya rasmiy vakili.

Daimler vakillarining qayd etishicha, kompaniya Yevropa Ittifoqi va AQShning KXDRga nisbatan sanksiyaviy qonunchiligiga to‘la amal qiladi va so‘nggi 15 yildan beri KXDR ma’muriyati bilan hech qanday ish olib borayotgani yo‘q.

Kim Chen In xalqaro sammitlar vaqtida Pxenyandan olib kelinadigan limuzinlardan foydalanadi. Vladivostokda bo‘lib o‘tgan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvni o‘z ichiga olgan shunday tadbirlarning so‘nggisida Kim ikkita — Mercedes Maybach S600 Pullman Guard va Mercedes Maybach S62 avtomobillaridan foydalandi.

Xalqaro sanksiyalar, xususan, BMT sanksiyalari Shimoliy Koreyaga hasham mahsulotlarini yetkazib berishni taqiqlaydi — limuzinlar ham shunday mahsulotlar kategoriyasiga kiradi.