2019-yilning 23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘z diplomatik missiyasini yakunlayotgan Hindiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Vinod Kumarni qabul qildi, bu haqda Tashqi ishlar vazirligining rasmiy sayti xabar qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston — Hindiston hamkorligining joriy kun tartibi hamda istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki mamlakat rahbarlarining muntazam muloqoti asos bo‘lgan ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajada ekanligi mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modi o‘zaro manfaat kasb etadigan barcha sohalarda aloqalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan asosiy masalalarni muhokama qilish uchun so‘nggi yarim yilda ikki marta uchrashgani alohida qayd etildi.
Muloqot chog‘ida xalqaro va mintaqaviy siyosatning ayrim masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Suhbat yakunida Vazir ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama sherikchilikning izchil rivojlanishida Elchining shaxsiy hissasiga yuqori baho berdi.
Elchi O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxona rahbari sifatidagi faoliyatida ko‘rsatilgan barcha yordamlar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Izoh (0)