Endi O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga zamonaviy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 5-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlardan biri hisoblanadi, deb yozadi O‘zA.
“Transport xizmatlari sifatini oshirish aholiga zamonaviy xizmat turlarini ko‘rsatishni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi Uzautotrans Service maxsus kompaniyasi bosh direktori Saidrahim Ikromov. — Jumladan, xorijiy davlatlarga vaqtinchalik ishlash uchun chiqib ketayotgan fuqarolarni manzillariga o‘z vaqtida xavfsiz yetkazib qo‘yishni tashkil etish maqsadida Uzautotrans Service maxsus kompaniyasi avtobusda tashuvlarni amalga oshirishga ixtisoslashtirilgan milliy korxonasi tashkil etilgan edi. Mazkur korxona parkini zamonaviy avtobuslar bilan ta’minlash borasida Xitoy Xalq Respublikasining Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd. kompaniyasi bilan 2018-yilda imzolangan shartnomaga ko‘ra, 168 dona ko‘p o‘rindiqli zamonaviy avtobusni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi”.
Uzautotrans Service maxsus kompaniyasi ushbu yangi avtobuslarda samarali faoliyat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida maxsus tanlov asosida 120 yaqin haydovchini saralab oldi. Ularning malakasi maxsus o‘quv dasturi asosida oshirilib, xorijiy davlatlar hududida harakatlanayotganda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida to‘liq tushunchalar berildi.
Izoh (0)