Joriy yilning 5-mart kuni Toshkentda axborot xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan “Xavfsiz ko‘prik” forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi ko‘magida Agentlik qoshidagi Mirzo Ulug‘bek Innovatsion markazi direksiyasi tomonidan tashkil etildi. Bu haqda Innovatsion markaz matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Forum ishida axborot texnologiyalari kompaniyalari mutaxassislari, xalqaro mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdi. Xususan, O‘zbekiston va yaqin xorijiy davlatlarning E&Y, D:CODE, BePro, Cumulative Business Solutions, IdealGreenLight kabi yirik kompaniyalari mutaxassislari axborotni himoya qilish, blokcheyn texnologiyalarini O‘zbekistonda qo‘llash amaliyoti, muhim axborotlarni boshqarish tizimining zamonaviy vositalari haqida gapirib berdi, intellektual xavfsizlik va bank kartalarida ma’lumotlarni himoya qilish, hujumlarning ortib borishi sharoitida kiberxavfsizlikni ta’minlash, qalbakilaridan ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha tajriba almashdi.
Xususan, yetakchi ekspertlar o‘zlarining “Axborotni himoya qilish: intellektual mulk, bank kartalari”, “Kiberxavfsizlik: himoyadan ko‘proqmi? Hujumlar sonining ortishi sharoitida kiberxavfsizlikni ta’minlash” va “Elektron raqamli imzo kalitlari uchun xavfsiz tashuvchi sifatida kripto-tokendan foydalanish” mavzulardagi ma’ruzalarida xalqaro amaliy tajriba va olib borilgan tadqiqotlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, MUIC’ning axborot texnologiyalari sohasidagi rezident kompaniyalari ishlab chiqaruvchilari ham o‘zlarining axborot xavfsizligi sohasidagi muvaffaqiyatlari bilan o‘rtoqlashdi.
Izoh (0)