Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan Buxoro viloyati hokimligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Tashqi ishlar vazirligi hamda UNESCO va UNWTO ko‘magida “O‘zbekiston havo yo‘llari” hamkorligida tashkil etilgan birinchi ziyorat turizmi forumiga 25 davlatdan 100 dan ortiq mehmon keldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Ular Buxoro xalqaro aeroporti hamda Buxoro temir yo‘l vokzalida kutib olindi.

Forum ishtirokchilari Buxoroning turistik salohiyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Jumladan, ular hududdagi ziyorat turizmi obyektlari, xususan, G‘ijduvon, Kogon, Shofirkon, Romitan, Vobkent tumanlarida joylashgan yetti pir qadamjolarini ziyorat qildi.

Foto: “Daryo”

“Forumning Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, Sharq va G‘arbni bog‘lab turuvchi ko‘hna va boqiy Buxoroda tashkil etilgani O‘zbekistonning ko‘p asrlik madaniy meros ob’ektlarini ziyorat qilishimizga turtki bo‘ldi. 11 yildan buyon turli davlatlar turistik markazlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritaman. Buxoroga esa ikkinchi marotaba kelayapman. To‘g‘risi, o‘shanda turistik tashkilotlari juda oz, mehmonxonalari ham sanoqligina edi. Bugun esa ularning sanog‘i yo‘q”, — dedi pokistonlik Muhammad Axtar.

Foto: “Daryo”

Buxoroning 1993-yilda UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi uning himoya qo‘rg‘onini yanada mustahkamladi. Dunyo tadqiqotchilari va arxeologik olimlar e’tiborini o‘ziga jalb etib kelgan shaharni yanada rivojlantirish, bu ishlarga mahalliy va xalqaro ekspertlarni jalb etish, UNESCO, UWTO singari xalqaro tashkilotlar bilan madaniy va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda. Ushbu jarayon Buxoroni jahon miqyosidagi turistik markazga aylantirish borasida har tomonlama ko‘mak bo‘lmoqda. Shuningdek, viloyatning savdo va turizm markazi sifatida dunyo hamjamiyati qiziqishiga sazovor bo‘layotgani, ayniqsa, 2020 yilda Buxoroning Islom madaniyati markazi sifatida e’tirof etilishi ko‘zda tutilayotgani e’tiborga molik.

Forum doirasida Buxoro yoshlar markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi.

Foto: “Daryo”

Matbuot anjumanida turizm sohasining hali tadqiq etilmagan sahifalarini ochish, musulmon davlatlarida islom madaniyati sivilizatsiyasini yanada rivojlantirish, davlatlararo yoshlar turizmini kuchaytirish, shuningdek, turizm sohasidagi tadbirkorlikni oshirish borasida takliflar berildi.

Foto: “Daryo”