18-fevral kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga Finlyandiyaning JAMK amaliy fanlar universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi. Bu haqda universitet matbuot xizmatiga tayanib, O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuvda delegatsiya vakillari sifatida sog‘liqni saqlash bo‘yicha doktor filosof, konsultant Yoxanna Xeykkilya, universitetning rivojlanish bo‘yicha direktori Leyena Liimatainen, Moliya ishlari bo‘yicha vakil Pertti Malkki ishtirok etdi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida JAMK universiteti bilan turli sohalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi.
Shuningdek, Finlyandiyaning aniq fanlar universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan ochiq leksiyalar tashkil etish, maktabgacha ta’lim hamda boshlang‘ich ta’lim sohalarida tajriba almashish, Yevropa ittifoqining ta’limni rivojlantirishga yo‘naltirilgan Erasmus+ loyihasi doirasida sohada mobillikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirildi.
O‘zbekiston hamda Finlyandiya oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish jarayonida mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda Finlyandiyaning qo‘shni Qozog‘iston Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini ijodiy o‘rganishga kelishib olindi.
Izoh (0)