Misrning markaziy qismida ellinlashtirish davriga oid nekropol topildi. Uning ichida qirqta mo‘miyo bor. Bu Misr uchun joriy yildagi ilk arxeologik kashfiyot, deya yozadi “TASS”.
Nekropol Qohiradan 300 kilometr janubda al-Minya viloyatining Tuna al-Gabal tumanidan qazib topilgan. Yer ostida taxminan 10 metr chuqurlikda turli xil jins, yosh va ijtimoiy mavqega mansub mo‘miyolangan sarkofaglar bor. 40 mo‘miyodan 10 tasi yosh bolalarniki ekani aniqlangan. Bu kashfiyot al-Minya universitetining arxeologiya ilmiy-tadqiqot markazi tarixchilari va Oliy Kengash mutaxassislarining tarixchilikka oid izlanishlari natijasi hisoblanadi.
Oliy Kengash Bosh kotibi Mustafo Vaziriyning so‘zlariga ko‘ra, mo‘miyolab ko‘mish usullari bir-biridan farq qiladi: ba’zi jasadlar zig‘ir matolarga o‘ralgan va tosh yoki yog‘och sarkofaglarga solingan, ba’zi mo‘miyolar esa qumga ko‘milgan. Qolganlari oddiygina polga yoki yer osti chuqurliklariga qo‘yilgan.
Al-Minya universiteti professori Toyib Abbosning aytishicha, ko‘mishning turli usullari qabrlarni turli vaqtlarda yaratilganligini ko‘rsatadi.
“Bu nekropol fir’avnlar sulolasining keying davrlari, ya’ni Ptolemeylar davrida (mil. avv. IV-I asr) qurilgan va keyingi asrlarda rimliklar va vizantiyaliklar (davr 7-asrda tugagan) tomonidan ham ishlatilgan. Umuman olganda, bu mahalliy aholining qabristoni hisoblangan. Keyinchalik bu qabristondan qayta-qayta foydalanilgan. Biz bu haqda shu yerga ko‘milgan kishilarning kafanlarga yozilgan nomlaridan bilib oldik,” — dedi professor.
Olimning so‘zlariga ko‘ra, demotik va yunon tilida yozilgan nomlar nekropol yuqori sinf vakillarining ko‘milgan joyi ekanini bildiradi.
“Yozuvlar va dekorlarga qaraganda, bu yerda avval misrliklar, keyinroq esa yunonlar dafn etilgan,” — deydi u.
Ko‘pgina mo‘miyolar yaxshi holatda saqlangan, ammo restavratsiya talab qiladiganlari ham bor.
Izoh (0)