O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi organlari 2019-yilning 12-yanvarida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu haqda inspeksiya “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: “Darakchi.uz”

O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 10-oktabrdagi qonuniga muvofiq, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi organlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 72-moddasi uchinchi va to‘rtinchi qismlari, 74-modda, 75-modda, 76-modda, 163-modda va boshqa moddalarda ko‘zda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘ldi.

Ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rish va jarimaga tortish huquqiga:

  • davlat inspeksiyasi rahbari va uning o‘rinbosari, bo‘lim boshliqlari, mazkur inspeksiyaning bosh mutaxassislari;
  • hududiy inspeksiyalarning bosh inspektorlari va davlat inspektorlari ega.

Qonun bilan, shuningdek, atrof-muhitni qo‘riqlash, tabiiy resurslar, jumladan, ichimlik suvidan ratsional foydalanish sohasidagi sanksiyalar ham qat’iylashtirildi.

Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini buzish mansabdor shaxslarga EKIHning 7 barobaridan 10 barobarigacha miqdoridagi jarimani ko‘zda tutadi.