O‘zbekistonda avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari 1-yanvardan aksiz solig‘i va qo‘shimcha qiymat solig‘ining joriy etilishi hisobiga yoqilg‘i narxlarini oshirdi. Bu haqda Andijonda AGTKS ta’sischisi Iskandar Rasulov ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
2019-yildan benzin, dizel yoqilg‘isi va gazdan foydalanganlik uchun soliq o‘rniga benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni iste’molchiga sotishda to‘lanadigan aksiz solig‘i joriy etildi. Joriy etilgan aksiz amaldagi soliqdan 55 so‘mga ortiq.
Moliya vazirligi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida gaz narxlarini keskin oshirishga asos yo‘q deb hisoblaydi.
Iskandar Rasulov nima sababdan narxlar 1900 so‘mdan 2100—2200 so‘mgacha ko‘tarilib ketganligini izohladi. “Endi daromad solig‘i 12 foiz, avval foydadan 5 foiz edi. Nega bu ishlab chiqaruvchiga ta’sir ko‘rsatmaydi? Chunki bu 20 foizlik QQS oxirgi iste’molchi zimmasiga tushadi. Rentabelligi maksimum 18 foiz, aksiz va QQS joriy etilgandan keyin u 14—15 foizgacha pasayadi”.
Uning fikricha, narxlar hukumat tomonidan emas, bozor tomonidan tartibga solinishi lozim.
Moliya vazirligi 2019-yilning 1-yanvaridan iste’mol solig‘ining aksiz solig‘i bilan almashtirilishi, shuningdek, QQS to‘lashga o‘tilishi bilan AGTKS xarajatlari o‘rtacha kub metriga 100 so‘mga oshganligini ma’lum qildi.
Izoh (0)