Taniqli kino va teatr aktyori, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Mirza Azizov adabiyot va san’at yo‘nalishi bo‘yicha Qirg‘iziston Respublikasida ta’sis etilgan Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi mukofotga loyiq ko‘rildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

2016-yildan buyon Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan ustoz san’atkor jamoadoshlari bilan hamjihatlikda o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, san’at hamda madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida salmoqli ishlarni olib bormoqda.

Teatr jamoasi 2017-yil iyunida O‘sh, 2018-yilning oktabr oyida Jalolobod viloyatlariga “Jaydari kelin” spektakli bilan ijodiy safar uyushtirdi. 2017-yilda Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot va turizm vazirligining taklifiga binoan 12—16-sentabr kunlari o‘tkazilgan “ART-ORDO” VI xalqaro teatr festivalida “Dildagi dog‘” sahna asari birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilib, “Eng yaxshi spektakl uchun” yuksak mukofoti va diplomi bilan taqdirlangan. Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan sahna yuzini ko‘rgan “Sarviqomat dilbarim” spektakli teatr repertuaridan joy oldi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘tgan yili Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat va ma’naviyat ishlari bo‘yicha Davlat maslahatchisi, Qirg‘iziston Respublikasi xalq yozuvchisi Sultan Rayev boshchiligida Qirg‘izistonning Norin viloyati akademik musiqali teatri vakillaridan iborat delegatsiya poytaxtimizda ijodiy safarda bo‘lishib, Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romani asosida sahnalashtirilgan “Man” spektaklini namoyish etishgandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan ikki yil avval Mirza Azizov Qirg‘iziston teatr arboblari uyushmasining teatr san’ati badiiy akademiyasining akademigi etib ham saylangan edi.