Sputnik Ukraina va rossiyalik politolog, diplomat Rostislav Ishchenkoning O‘zbekistonning bugungi holati yuzasidan fikrlarini e’lon qildi.
O‘zbekistonning bugungi holatini strategik tupik sifatida ta’riflash mumkin, deb hisoblaydi Rostislav Ishchenko.
Bundan oldingi davlat rahbariyati yuritgan siyosat o‘z davrining haqiqatlariga mos kelmas edi, deb bo‘lmaydi. To‘qsoninchi yillardagi Rossiyaning zaifligi va noaniq ichki siyosiy holati O‘zbekistonni “qo‘shilmaslik” siyosatini olib borishga majbur etgan edi.
Bir tomondan bu qisqa vaqt davom etgan “ajabtovur izolyatsiya” davriga olib kelgan edi. Ming yilliklar oralig‘ida O‘zbekiston Rossiya, AQSh, Yevropa Ittifoqi tomonidan bildirilgan katta qiziqishdan foydalangan va har bir alohida holat, har bir alohida dastur bo‘yicha hamkorlik shartlari bo‘yicha savdolasha olardi. Boshqa tomondan, o‘rta istiqbolda bunday pozitsiya strategik tashabbusni yo‘qotib qo‘yishga, Toshkentning o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishi va mintaqada haqiqiy siyosiy vazni pasayishiga olib keldi.
Shu bilan birga O‘zbekistonning potensial imkoniyatlari ulkan va shundayligicha qolmoqda. O‘rta Osiyodan G‘arbning siqib chiqarilishi natijasida, mintaqada Rossiya ishtirokidagi integratsion loyihalar ishtirokchilari ustuvorlikni egallamoqda. Tabiiyki, ular bu bilan iqtisodiy taraqqiy etish uchun yanada kengroq imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda — Rossiya bozoriga imtiyozli shartlar asosida kirib borish ular uchun raqobatbardosh ustuvorlik sanaladi.
Rossiya geosiyosiy pozitsiyalari qanchalik mustahkamlanib borgani sari, uning O‘rta Osiyodagi ustuvorligi oshmoqda, shunday ekan milliy iqtisodlarni jadallik bilan rivojlantirishda YEOII, harbiy-siyosiy xavfsizlikni ta’minlashda esa ODKB (KXSHT) ahamiyati oshmoqda.
Mana shu nuqtai-nazardan “ajabtovur izolyatsiya” siyosati 2004—2005-yillarda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. O‘shanda Toshkent siyosatining o‘zgarishi aniq dividendlarni olib kelishi mumkin edi. Ammo bir necha ikkilanishlardan so‘ng o‘zbek rahbariyati o‘zining avvalgi pozitsiyasida qolishni afzal ko‘rdi. O‘sha vaqtdan buyon o‘z vaqtida yutuqli sanalgan siyosat (tashqi jihatdan sezilmasa-da) va mamlakat manfaatlari o‘rtasidagi jarlik tobora chuqurlashmoqda.
O‘zbekiston aholisi soni uning iqtisodiga ko‘ra tezroq o‘smoqda. Tunis ssenariysi asosida notinchlikni yuzaga keltiruvchi omillar ham ko‘paymoqda. Yaqin istiqbolda hozirgi rejim barqarorligini yetarlicha ta’minlash uchun harbiy-siyosiy ko‘mak olish, iqtisodiy o‘sishni ortda qoldirayotgan aholi soni o‘sishi va tarkibi tobora yosharishi singari muammolarga yechimni Toshkent bugun faqat YEOII va ODKBga a’zo bo‘lish orqali hal eta oladi.
Ammo bu oson tuyulgani bilan, unday emas. Chunki bugungi kunda mintaqadagi ta’sir uchun O‘zbekiston bilan raqobatlashib kelayotgan Qozog‘iston ushbu ikki tashkilot a’zosi sanaladi. Shu bois, Ostona tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha o‘tkaziladigan muzokaralarda Toshkentning raqobatbardosh imkoniyatlarini zaiflashtiruvchi talablarni ilgari surishi mumkin. Toshkent esa bunday talablarga ko‘nishi amrimahol.
Ya’ni O‘zbekiston rahbariyati o‘zining “izolyatsiya siyosati”ni birdaniga integratsiya siyosatiga almashtirishi murakkab jarayon. Ammo mamlakatda tashqi siyosiy kursga o‘zgartirish kiritish singari boshqa imkoniyatlari ham mavjud. Toshkent Yevroosiyo integrallashuv mexanizmi bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zosi (ShHT) sanaladi. Ya’ni bunda O‘zbekiston an’anaviy bo‘lgan yo‘l (kichikdan kattarog‘iga) emas, balki umumiy integrallashuv modelidan alohida bo‘lgan model sari o‘ziga yo‘l ochishi mumkin.
U ShHT doirasida qanchalik faollashsa, sheriklarning ham O‘zbekiston bilan sobiq ittifoq integrallashuv loyihalarida hamkorlik qilishga qiziqishi shunchalik ortadi.
Izoh (0)