2019-yilning 1-yanvaridan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida aholi iste’moli uchun tabiiy gazning bazaviy me’yori joriy etiladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Isitish mavsumida yakka tartibda isitiladigan uylar va kvartiralarda yashaydigan bir abonent uchun oyiga ming kub metr, boshqa oylarda esa bu miqdor 250 kub metr hajmda belgilanadi. Aholi bilan hisob-kitoblar chog‘ida yuqorida ko‘rsatilgan me’yordan ortiqcha sarflangan tabiiy gaz uchun to‘lov 1,2 barobar oshirilgan koeffitsent hisobida amalga oshirilishi belgilangan.
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati ushbu qaror mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish maqsadida tumandagi “Anorzor” mahalla fuqarolar yig‘inida targ‘ibot tadbiri o‘tkazdi.
—Hududdagi mahallalar faollari bilan birgalikda aholining iste’mol madaniyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlarni olib bormoqdamiz, — deydi Toshkent shahri bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali yetakchi muhandisi Odil Vahobov. — Bugungi kunda “Anorzor” mahalla fuqarolar yig‘inida 372 xonadon mavjud bo‘lib, ularda 547 oila istiqomat qiladi. Qish kunlari bu yerdagi ayrim xonadonlarning 2-3 isitish moslamasidan foydalanish holati ham kuzatiladi. Mazkur qarorga ko‘ra, Yunusobod tumanidagi har bir abonent tomonidan iste’mol qilingan tabiiy gaz miqdori vaqtida oyma-oy “Billingaz” dasturiga kiritilishi uchun iste’molchining o‘zi iste’mol hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim qilib borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Isitish mavsumining davomiyligi esa shahar hokimining tegishli qarori asosida belgilanadi.
Ushbu eksperiment kelgusida boshqa hududlarga ham joriy etilishi kutilmoqda.