Samarqand tumani “Maroqand” dehqon bozorining filiali hisoblangan avtomobil bozori o‘rnida “Oq Amur baliqlari” ilmiy-tadqiqot o‘quv baliqchilik laboratoriyasi barpo etiladi. Avtomobil bozori yangi joyga ko‘chirildi, deb yozadi “Novosti Uzbekistana”.
“Oq Amur baliqlari” fermer xo‘jaligi viloyatdagi eng yirik baliqchilik xo‘jaliklaridan biri hisoblanadi. U yil yakuniga qadar 450 tonna baliqni sotish uchun yetkazishni rejalashtirmoqda. Fermer xo‘jalik rahbariyati sohani rivojlantirishda ilg‘or texnologiya, ilmiy ishlanmalar, innovatsion metodikani qo‘llash maqsadida baliqchilik bo‘yicha ilmiy-tadqiqot o‘quv laboratoriyasini tashkil etishga qaror qildi.
Umumiy maydoni 2 gektardan oshiq bo‘lgan avtomobil bozori va unga tutash hududda innovatsion o‘quv markazi va laboratoriya, baliqchilik bo‘yicha loyiha tashkiloti binosi, yuz kishilik mehmonxona barpo etiladi.
Fermer xo‘jaligi rahbari Ilhom Halimovning so‘zlariga qaraganda, ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga Xitoy, Vengriya, Vyetnam va Indoneziyadan baliqchilik bo‘yicha mutaxassislar jalb etiladi.
8-dekabr kuni eski joyidan 200 metr masofada joylashgan avtomobil bozorining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Avval mazkur bozor 1,6 gektar maydonda joylashgan bo‘lsa, hozirda uning maydoni 4 gektardan ortiq.
Izoh (0)