Toshkent shahrida buvisining uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan 5-sinf o‘quvchisi topildi, deb xabar beradi IIBB.

Foto: IIBB

2018-yil 1-dekabr kuni soat 22:00 da Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga 11 yoshli Saidmansur S. ismli bola yo‘qolganligi haqida ariza kelib tushdi.

Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, 1-dekabr kuni soat 9.00 da Saidmansur Olmazor tumanida joylashgan uyidan chiqib, noma’lum yo‘nalishda ketgan. Soat 17.00 da onasiga Yunusobod tumanida yashovchi buvisining uyidan qo‘ng‘iroq qilgan. Shundan so‘ng buvisining uyidan chiqib, bedarak yo‘qolgan.

IIBB xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida, Saidmansur soat 00.10 da Yashnobod tumanidagi avtobus bekatida topilib, ota-onasiga topshirish uchun Yashnobod tumani 3-son IIO FMBga yetkazildi.