Kobul shahrida O‘zbekiston Prezidenti nomidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 25 ta avtobusni Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligiga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakat rahbarining afg‘on xalqiga tuhfasini O‘zbekiston elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov topshirdi.
Marosimda so‘zga chiqqan vazirlik va idoralarning rasmiy vakillari barcha sohalardagi Afg‘oniston – O‘zbekiston munosabatlarining sezilarli darajada faollashganini, bu, avvalo, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ochiqlik va qo‘shni Afg‘oniston bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan siyosat bilan chambarchas bog‘liqligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oliy ta’lim vaziri Najibulla Xo‘ja Umariy O‘zbekiston Prezidentiga afg‘on xalqiga qilingan muhim sovga uchun chuqur minnatdorchilik izhor etdi va ushbu hodisa O‘zbekistonning Afg‘oniston xalqiga birodarlarcha munosabatining yorqin namunasi ekanligini qayd etdi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Abdulla Raqibiy Afg‘onistonda urush davom etayotganligiga qaramay ikki davlat o‘rtasida kelajakda hamkorlikning sezilarli istiqbollari mavjudligini e’tirof etdi.
Izoh (0)