Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligi kunini o‘tkazish va yo‘l transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni” tadbiri o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.
Profilaktik tadbir doirasida haydovchilar tomonidan 1 523 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Qayd etilgan qoidabuzarliklarning 577 tasi qo‘pol qoidabuzarlik, 150 ta transport vositasini mast holatda boshqarish, 26 ta holatda svetofor va chorrahalardan o‘tish qoidasini buzish, 16 ta holatda transport vositasini boshqarish vaqtida telefondan foydalanish, 384 ta holatda xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik, 100 ta holatda piyodalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarga qonuniy choralar ko‘rildi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbirga 1 119 nafar ichki ishlar xodimi jalb etilgan. Shundan 296 nafari Davlat yo‘l harakat xavfsizligi xizmati, 431 nafari huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati, 61 nafari Post-patrul xizmati (PPX) va Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi (JTSB), 89 nafari yong‘in xavfsizligi, 100 nafari qo‘riqlash xizmati, 142 nafar boshqa sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirok etgan. Shuningdek, 1 821 nafar hokimliklar, idora va tashkilotlardan jamoatchilik vakillari jalb etilgan.
Tadbir davomida 146 kilometr piyodalar yo‘laklari va bolalar harakati serqatnov bo‘lgan yo‘llar ko‘rikdan o‘tkazildi. 114,5 kilometr yo‘l qayta ta’mirlanib, 38 dona yo‘l belgisi o‘rnatildi. Yo‘l belgilari yuzasidan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha to‘qqizta yo‘l tashkiloti, 17 ta hududiy hokimlikka taqdimnomalar kiritildi.
Profilaktik tadbir davomida 56 ta litsenziyasiz noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgan avtomobillarni ta’mirlash ustaxonalari aniqlanib, hududiy soliq idoralariga yuborildi.