Hindistonning Haydarobod shahri politsiyasi o‘g‘irlangan qimmatbaho idishlar, jumladan, viloyatning so‘nggi hukmdori Usmon Ali Xonning tilla idishini topdi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.

Foto: TJournal

Qimmatbaho ashyolar o‘g‘irlangani uchun hibsga olingan jinoyatchilar so‘roq chog‘ida talonchilikdan keyinoq Mumbaydagi besh yulduzli mehmonxonaga joylashishganini tan oldi. Ular brilliantlar bilan bezatilgan idishda tilla qoshiqlar yordamida ovqatlanish va oltin piyolada ichimlik ichish uchun bir hafta davomida taomlarni xonaga buyurtma qilgan. Qashshoqlikda o‘sgan 23 va 24 yoshli yigitlar boy hayot ta’mini totib ko‘rmoqchi bo‘ldi.

O‘g‘rilar bir necha bor zargarlar bilan bog‘lanishga harakat qilgan, biroq urinishlari chippakka chiqqan. Ular 10-sentabr kuni pullari tugagach Haydarobodga qaytgan va shu yerda qo‘lga olingan.

5,4 million funt sterling baholangan qimmatbaho idishlar tartibga keltiriladi va oldin Ali Xonning qarorgohi bo‘lgan muzeyga qaytariladi.