Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani, Oqtosh shaharchasida “Obod qishloq” dasturi doirasidagi ishlar nihoyasiga yetmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Hududdagi 102 xonadonli 6 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi yangilanib, ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi ta’minoti uzluksizligi yo‘lga qo‘yildi, kanalizatsiya tarmog‘i o‘rnatildi, bolalar maydonchasi qurildi. Yo‘llar asfaltlanib, ko‘cha chiroqlari o‘rnatildi.
Shuningdek, 16 ta 2 sotixli arzon uy-joy, hammom, mini-market, mahalla guzari, kichik futbol o‘yingohi, profilaktika inspektorining xizmat uyi qad rostladi. 6-maktabgacha ta’lim muassasasi to‘la yangidan qurilmoqda. 17-DIMI, 61-maktab, qishloq oilaviy poliklinikasida esa joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Hududda kichik sanoat zonasi tashkil etish rejasiga muvofiq, 30 dan ortiq istiqbolli loyiha ijrosiga kirishildi. Ularda 1000 dan oshiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bayram kunlari Oqtoshda xususiy tadbirkor Abdug‘affor Parpiyevga qarashli savdo va maishiy xizmat shoxobchasi, Oqtosh MFY binosi, 200 ta yangi ish o‘rni yaratilgan “Bog‘ishamol” MChJning ochilish marosimlari o‘tkazildi.
12 nafar bolaning hatna, bir juft kelin-kuyovning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi, ehtiyojmandlarga nogironlik aravachalari topshirildi. Oqtoshni obod hududga aylanishida xizmat ko‘rsatgan bir guruh vakillar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.