O‘zbekiston Qahramoni Suyima G‘aniyeva vafoti munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, A.Aripov, B.Yo‘ldoshev va N.Karimov hamdardlik bildirdi. Ta’ziyanoma O‘zAda e’lon qilindi.
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Atoqli adabiyotshunos olim, professor, O‘zbekiston Qahramoni Suyima G‘aniyeva 86 yoshida vafot etdi.
S.G‘aniyeva 1932-yilda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug‘ildi. 1952-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomladi.
1953—1956-yillarda Leningrad davlat universiteti aspiranturasida ta’lim oldi.
Bo‘lg‘usi olima o‘z mehnat faoliyatini 1956-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti kichik ilmiy xodimi sifatida boshladi. Shu yili buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti ilmiy kotibi, Toshkent davlat konservatoriyasida kafedra mudiri, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.
U o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida o‘zbek mumtoz adabiyoti bo‘yicha fundamental tadqiqotlar olib bordi. Mustaqillik yillarida adabiyotimiz va madaniyatimizni rivojlantirish, milliy adabiyotimizning jahon madaniy sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdi.
S.G‘aniyeva o‘z ilmiy faoliyati davomida yaratgan 14 ta monografiya, 350 dan ziyod ilmiy-nazariy maqolalar mamlakatimiz va xalqaro ilmiy nashrlarda chop qilingan, 20 dan ortiq o‘quv-metodik qo‘llanmalari respublika oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan.
Olima Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rganib, o‘zining teran ilmiy tadqiqotlari bilan navoiyshunoslik sohasida o‘ziga xos ilmiy maktab yaratdi.
Uning “Alisher Navoiyning hayoti va ijodi”, “Alisher Navoiy ijodida milliy mafkura”, “Navoiy g‘azallarida jo‘mardlik motivlari”, “Navoiy vasiyati”, “Navoiy dastxati” kabi sermazmun asarlari yurtimiz va chet el adabiyotshunoslari tomonidan ilmiy kashfiyotlar sifatida e’tirof etilgan.
S.G‘aniyeva Alisher Navoiyning uzoq yillar davomida ilm-fanga noma’lum bo‘lib kelgan “Munojot” asarini topib, nashr ettirgan.
Olima 2011-yilda Alisher Navoiyning 20 jildlik mukammal asarlar to‘plamini nashrga tayyorlashda faol ishtirok etgan.
Yorqin iste’dod, katta ilmiy salohiyat egasi bo‘lgan zahmatkash olima o‘z faoliyati davomida ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
S.G‘aniyevaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish va barkamol avlod tarbiyasi yo‘lidagi ulkan xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi.
U O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari va O‘zbekiston Qahramoni faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olima, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Suyima G‘aniyevaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Izoh (0)