Oʻzbekistonda avtomobillar narxi nima sababdan oshyapti va umuman bu bozorda oʻzgarishlar boʻlishiga umid qilish mumkinmi — Yaponiyadagi Kobe universiteti huquq fakulteti doktoranti Husayn Rajabov “Kommersant.uz”dagi maqolasida shu haqdagi mushohadalari bilan oʻrtoqlashdi.
Lekin Oʻzbekistondagi avtomobil bozori monopoliyadan chiqarilishiga umid qilsa boʻladimi? Narxlar pasayishini kutsa boʻladimi yoki yana oshadimi? Narxlarning keskin oʻzgarishi — bu Asakadagi zavodning toʻliq kuch bilan ishlamayotgani oqibatimi?
Birinchi qism: GM Uzbekistan va narxlar
Oʻzbek avtomobillarining narxlari deyarli har yili oshirilardi, biroq narxlarning eng sezilarli oʻsishi 2017-yil 1-iyunida kuzatilgan edi — oʻrtacha 30 foiz. Bu yil 1-avgust arafasida GM Uzbekistan narxlarni oʻrtacha 14 foizga oshirishini eʼlon qildi, biroq keyin bu qaror sal kechiktirildi. Xoʻsh, nima uchun biz soʻnggi yillarda narxlarning bu qadar keskin oʻsishlariga guvoh boʻlyapmiz?Avtomobil narxlarining oshishiga asosiy sabab — 2017-yil 5-sentabrida amalga oshirilgan va milliy valyutani salkam rasman ikki barobarga qadrsizlantirgan soʻm devalvatsiyasidir. Maʼlumki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, milliy valyuta kursini belgilashda faqatgina bozor mexanizmlarini qoʻllash boshlandi. Oqibatda, 2017-yil 5-sentabrida Markaziy bank dollarning rasmiy kursini 8100 soʻm etib belgiladi, vaholanki 4-sentabr kuni ham Markaziy bank Amerika dollarini 4210 soʻmga baholayotgan edi. Shu sanadan boshlab GM Uzbekistan avtomobillarining chakana narxi faqat soʻmda belgilana boshlandi.
Savol tugʻilishi mumkin: buning uch oy avvalgi, 2017-yil iyunidagi 30 foizlik narx oʻsishiga qanday aloqasi bor? Ehtimol, bu narxlarning oʻsishi devalvatsiya bilan bogʻliq degan tasavvur paydo boʻlmasligi uchun avtomobilsozlar tutgan ayyorona yoʻl boʻlishi mumkin. Axir hatto GM Uzbekistan matbuot xizmati ham kompaniya avtomobillari narxi Prezident farmoni kuchga kirganidan keyin ham 2017-yil 5-sentabrdagi darajasida oʻzgarmay qolishi haqidagi bayonoti bilan bizni “xursand” qildi-ku.
Unda GM Uzbekistan nima sababdan narxlar oʻsishining asl sababini yashirdi? Devalvatsiya qanday qilib mahalliy avtomobillar narxiga taʼsir qildi?
Birinchidan, GM Uzbekistan’ning 2017-yildagi import mahsulotlari hajmi 78,3 foizni tashkil etgan. Oddiy qilib aytganda, bitta avtomobil 78,3 foizga import qilingan ehtiyot qismlardan tashkil topgan. Oʻz navbatida, import xorijiy valyutaga, biz koʻrib chiqayotgan vaziyatda esa — AQSh dollarlari evaziga amalga oshirilgan.
Demak, dollarning rasmiy kursi avtomobilning tannarxiga jiddiy taʼsir qilar ekan. Soʻm devalvatsiyasiga qadar, davlat bergan imtiyozlardan foydalangan holda, GM Uzbekistan valyutani Markaziy bankning rasmiy kursi boʻyicha (4210 soʻmdan) sotib olgan, vaholanki uning haqiqiy bozor kursi bundan ikki barobar yuqori (8100 soʻm) boʻlgan. Ammo Markaziy bank dollarning rasmiy kursini bozor kursiga tenglashtirib qoʻyganidan soʻng, GM Uzbekistan valyutani 8100 dan sotib olishiga toʻgʻri keldi. Kompaniya uchun bu import xarajatlari ikki barobarga oshishini anglatardi. Import 78,3 foizni tashkil etgani bois, mos ravishda, avtomobil tannarxining 78,3 foizi xarajati ham ikki barobarga oshdi.
Vaziyatni Spark avtomobili misolida koʻrib chiqamiz.
2017-yil 1-iyuniga qadar Spark 40 million soʻm (yoki Markaziy bankning oʻsha vaqtdagi kursi boʻyicha taxminan 9501 dollar) atrofida edi. Spark’ning 78,3 foizi import ehtiyot qismlardan iborat hamda ular, oʻz-oʻzidan, dollarga bogʻlangan va 7439 dollarni tashkil etadi. Qolgan, mahalliylashtirilgan qismi (21,7 foiz) esa soʻmga bogʻlangan va 8 681 020 soʻmga teng.
Soʻm devalvatsiyasiga qadar GM Uzbekistan dollarni 4210 soʻmdan sotib olgan, demak, Spark’ning 78,3 foizi 31 319 381 soʻm boʻlgan. Agar bunga mahalliylashtirilgan qismi (8 681 020 soʻm)ni qoʻshsak, u holda 40 000 401 soʻm — mashinaning devalvatsiyagacha boʻlgan narxi kelib chiqadi.
Devalvatsiyadan soʻng, avtomobil ishlab chiqaruvchi shirkat dollarni 8100 soʻmdan sotib olishni boshlagach, Spark’ning boyagi 78,3 foizi 60 255 900 soʻmga aylandi. Bunga mahalliylashtirilgan soʻmlik qismi (8 681 020 soʻm)ni qoʻshsak, u holda 68 936 920 soʻm — Spark’ning devalvatsiyadan keyingi haqiqiy bahosi kelib chiqadi. Soʻmlik foiz nisbatida GM Uzbekistan avtomobillari narxi amalda 58,2 foizga oshdi. Demak, importdagi yoʻqotishlar oʻrnini toʻldirish uchun GM Uzbekistan narxlarni kamida 58,2 foizga oshirishi kerak edi.
Biroq GM Uzbekistan bunday qilmadi: narxlarni birdan 58,2 foizga oshirish ommaviy norozilikka sabab boʻlur edi. Lekin narxlarni oshirish kerak edi, chunki zavod uzoq vaqt davomida oʻz zarariga ishlay olmaydi. Shu bois, ommaviy norozilikning oldini olish maqsadida, katta ehtimol bilan, GM Uzbekistan narxlarni uch yo toʻrt bosqichda oshirish boʻyicha “nisbatan sezilmas” rejani oldindan ishlab chiqqan.
Birinchi bosqich: 2017-yil iyunida narxlarni 30 foizga oshirish.
Ikkinchi bosqich: avtomobil narxlarini oʻrtacha 14 foizga oshirish, u 2018-yil 1-avgustida roʻy berishi kerak edi. Biroq jamoatchilikning ommaviy tanqididan soʻng, buni birdaniga qilishning imkoni boʻlmadi.
“Oʻzavtosanoat” zavod faqat 50 foiz quvvat bilan ishlayotgani, shu bois mashinalarning tannarxi qimmatga tushayotgani sabab, narxlarni 14 foizga oshirish kerakligini aytgandi. Ehtimol, bu qoʻshimcha bir sabab boʻlsa kerak, lekin asosiysi emas. Chunki narxlar oshishiga soʻm devalvatsiyasi sabab ekanini “Oʻzavtosanoat” tan ololmaydi: bu holatda kompaniya xaridorlarni narxlarning kamida 58,2 foizlik oshishi ham kutib turganini bildirishi kerak boʻladi.
Deylik, GM Uzbekistan 2018-yil 1-avgustida narxlarni baribir 14 foizga oshirdi. Lekin har qanday holatda bu narxlarning soʻnggi oshishi boʻlmasdi, chunki bu bor-yoʻgʻi 44 foiz boʻladi (30+14=44). Bu GM Uzbekistan devalvatsiya sabab yuzaga kelgan yoʻqotishlar oʻrnini toʻla yopish uchun narxlarni hali yana kamida 14 foizga oshirishi (uchinchi bosqich) kerakligini bildiradi.
Shunday ekan, xaridorlar “gʻalaba”dan quvonishlariga hali erta, narxlar baribir oshadi.
Yana bir narsa. Koʻpchilik nima uchun oʻzbek mashinalari Rossiya va Qozogʻistonda Oʻzbekistondagidan arzonroqqa sotiladi, deb soʻraydi. Haqiqatan ham, transportirovka va boj toʻlovlarini ham hisobga olganda, aslida buning teskarisi — Rossiyada qimmat, Oʻzbekistonda arzon boʻlishi kerak.
Bunda asosiy omillardan biri, ehtimol, mana shu: “Oʻzavtosanoat” ichki bozordan koʻra koʻproq eksportdan manfaatdor. Eksport — bu xorijiy valyuta oqimi, u esa birinchi galda ehtiyot qismlar importi bilan bogʻliq valyuta xarajatlarini qoplash uchun kerak. Aynan shu omildan kelib chiqqan GM Uzbekistan mashinalarning baʼzi turlarini ichki bozorda ham dollarga sotardi.
Agar xorijdagi narxlar ham Oʻzbekiston ichki bozoridagidek boʻlsa, u holda GM Uzbekistan shunchaki raqobatga bardosh bera olmaydi, chunki bu pulga nisbatan sifatliroq avtomobillar sotib olish mumkin. Xorijiy valyuta ehtiyoji va raqobatda yutqazmaslik istagi sabab kompaniya davlat subsidiyalari hisobidan xorijda narxlarni pasaytirgan, oʻzbekistonlik xaridorlar esa oradagi bu farqni ortigʻi bilan toʻlashga majbur boʻlgan.
Umuman olganda, soʻm devalvatsiyasi iqtisodiyotning importga sezilarli qaram barcha tarmoqlariga shunday taʼsir koʻrsatdi. Masalan, AQSh valyutasi kursining oʻsishi shakar narxida щz aksini topdi, chunki mahsulot uchun zarur xomashyo Braziliyadan dollarga sotib olinardi. Bu holat ziyonligi sabab, Toshkent va Xorazm viloyatidagi shakar zavodlari maʼlum muddatga ishni ham toʻxtatib qoʻydi. Ichki bozordagi shakar narxini barqarorlashtirish uchun esa hukumat 15-sentabrdan shakarga nisbatan import bojlari va aksizlarini bekor qilishga majbur boʻldi (shakar importiga nisbatan 30 foizlik stavka 2000-yillar boshidan beri amalda edi).
GM Uzbekistan bilan bogʻliq vaziyatda bunday qilinmadi.
Ikkinchi qism: GM Uzbekistan va monopoliya
Koʻpchilikning fikricha, GM Uzbekistan bozordagi monopol mavqeini suiisteʼmol qilgan holda, narxlarni oshiradi. Biroq, qayd etish joiz, GM Uzbekistan monopoliyasi — bu odatiy tasavvurdagi sodda monopoliya emas.Birinchidan, GM Uzbekistan — aksiyadorlik jamiyati deb atalsa-da, unchalik ham xususiy kompaniya emas. Xususiy kompaniyalarning asosiy oʻziga xosliklaridan biri shundaki, ular taʼsischilarning xususiy avtonomiyasi asosida tashkil etiladi. GM Uzbekistan esa davlat hujjati asosida — Oʻzbekiston Prezidentining qarori asosida tashkil etilgan va hozirda davlat kompaniyaning 90 foiz aksiyalariga egalik qilmoqda. “Oʻzavtosanoat” sobiq rahbari Umidjon Salimov taʼkidlaganidek, 2018-yil oxirigacha davlat Asakadagi GM Uzbekistan avtozavodining yagona aksiyadoriga aylanadi. Boz ustiga, “Oʻzavtosanoat” GM Powertrain Uzbekistan avtodvigatellar zavodi aksiyalarini sotib olish boʻyicha Amerika tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda; hozircha bu zavodda Oʻzbekistonning ulushi atigi 30 foiz.
Oʻz-oʻzidan, bu yerda monopoliya GM Uzbekistanʻniki emas; monopolist — “Oʻzavtosanoat”.
“Oʻzavtosanoat” “bozorni monopoliyadan chiqarish” maqsadida Amerika tomonining ulushlarini sotib olayotganini ayyapti. Umidjon Salimovning bu boradagi soʻzlariga koʻra, endi Oʻzbekistonda faqat GM ishlab chiqarilmaydi: mamlakatga Yevropaning Volkswagen shirkati ham kirishi mumkin. “Oʻzavtosanoat” sobiq rahbarining qayd etishicha, motor zavod boshqa avtomobil markalarining dvigatellarini ham ishlab chiqara oladi, bu esa nafaqat General Motors’ning Chevrolet brendi ostidagi modellarini, balki boshqa mashinalarni ham chiqarish imkonini beradi.
Bu nima degani?
Bu — bozorning monopoliyadan chiqarilishini kutish nojoiz, degani. Shunchaki GM logotipi Volkswagen’nikiga yoki, eng yaxshi variant, bir zavodda bir vaqtning oʻzida GM va Volkswagen brendi ostida avtomobillar ishlab chiqariladi. Aftidan, “Oʻzavtosanoat” bozorni monopoliyadan chiqarish deganda shunchaki logotiplarni almashtirishni tushunadi, shekilli.
Boshqachasiga aytganda, bir kompaniya, bir zavod turli markalar ostida avtomobillar ishlab chiqaradi. Obrazli qilib aytganda, Nexia GM brendi ostida, Spark esa Volkswagen ramzi ostida ishlab chiqariladi. Bu kabi holat oʻzbek avtomobilsozligi tarixida 2005-yili, “OʻzDeuAvto”ning oʻrnini GM Uzbekistan egallagan vaqtda kuzatilgan.
Amerika tomonining ulushini sotib olish orqali, hukumat yaqin vaqt ichida chet elda ishlab chiqarilgan mashinalarni Oʻzbekistonga olib kirganlik uchun boj toʻlovlari qiymatini pasaytirish, bozorni monopoliyadan chiqarib, raqobat muhitini yaratish niyati yoʻqligini ochiq namoyon etdi. Axir davlat Amerika tomoniningn ulushini sotib olish uchun katta mablagʻ sarflayapti, shu bois oʻziga raqobatchi hosil qilib, “nonini yarimta qilish”ni istamaydi. Boz ustiga, avtomobil eksporti davlat byudjetiga valyuta olib kelsa.
***
Hozir “Oʻzavtosanoat” va hukumat mahalliylashtirish va importga qaramlikni kamaytirishni narxlarni pasaytirishning optimal yoʻli sifatida koʻryapti. Prezident Mirziyoyev avtomobilsozlik sohasini tanqid qildi: lokalizatsiyaga 20 yil yordam ham berilmagan, ehtiyot qismlar hamon chet eldan sotib olinadi va, koʻp yillik imtiyoz va preferensiyalarga qaramay, avtosanoat lokalizatsiyani zarur darajaga olib chiqa olmagan (hozir uning ulushi bor-yoʻgʻi 22 foizni tashkil etadi). Shu munosabat bilan avtomobilsozlikni mahalliylashtirish boʻyicha ikkita maxsus qaror (PQ-2698 va PQ-3028) qabul qilindi, GM Uzbekistan esa oʻz saytida manfaatdor mahalliy ishlab chiqaruvchilarni hamkorlikka chaqirdi.Biroq, avtomobil bozorida monopoliya muhiti saqlanib qolaveradigan boʻlsa, lokalizatsiya narxlarning haqiqiy pasayishiga sabab boʻladimi yoki yoʻq — bu endi alohida mavzu.
Ushbu maqola “Kommersant.uz” nashrida 22-avgust kuni eʼlon qilingan. GM Uzbekistan kompaniyasi 24-avgust kuni narxlarni oshirish boʻyicha “ogʻir va jamoatchilik oʻrtasida u qadar yaxshi qabul qilinmasligi mumkin boʻlgan” qarorni qabul qilganini eʼlon qildi: ayrim modeldagi avtomobillar narxi oʻrtacha 7,7 foizga oshirilgani holda, Spark, Nexia, Cobalt kabi “hamyonbop va hammabop” avtomobillarning narxi oʻzgarishsiz qoldi.
Izoh (0)