Namangan shahridagi avtobekatlarda kitob javonlari paydo bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga shahar hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Bejirim yasalgan javonlardan badiiy, siyosiy va bolalar adabiyotlari o‘rin oldi. Ularning har biriga 30-40 tadan kitob joylashtirilgan.
— Mazkur javonlar hozircha shaharning markaziy Islom Karimov ko‘chasidagi 5 ta avtobekatda o‘rnatildi. Yil oxirigacha shahardagi barcha 28 ta bekatni qamrab olishni rejalashtirganmiz, — deydi “Ma’rifat kitob olami” xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi, shahar kengashi deputati Ma’rufxon Mo‘minov.
Qayd etish joizki, mazkur aksiya shu oyda taqdimoti o‘tkazilgan yangi fondning ilk tashabbusi bo‘ldi.