AQShga safarimiz davomida shunga amin bo‘ldikki, bu yerdagi har bir yirik shahar o‘ziga xos muhitga, o‘ziga xos me’morchilikka, o‘ziga xos ruhga ega. Deylik, Chikago ishbilarmonlik markazi hisoblansa, Las-Vegas ko‘ngilochar muassasalar majmuasi, Los-Anjeles esa jahon kinosi poytaxti hisoblanadi va hokazo. Mamlakat poytaxti — Vashington ham o‘zgacha ruhga va maqomga egadir.
Avvalo, Vashington jahon siyosati markazidir. Ko‘plab diplomatlar o‘z xotiralarida e’tirof etganiday, bu yerda dunyo mamlakatlarining taqdiri hal bo‘ladi. Nafaqat AQSh federal hukumati muassasalari shu shaharda jamuljam bo‘lgani, balki elchixonalar-u, turli xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari azbaroi ko‘pligidan Vashington chinakam siyosatchilar shaharchasiga aylanib qolgan. Siyosatdonlar, diplomatlar, lobbichilar, piarchilar, huquqshunoslar, jurnalistlar, NNTlar vakillari shahar aholisining salmoqli qismini tashkil qiladi.
Ayni paytda Vashington ochiq osmon ostidagi muzeydir. Deyarli har bir bino o‘ziga xos tarixga ega. Hatto odamlar yashaydigan uylar ham tarixiy obida sanalib, ularni buzish yoki rejasiga o‘zgartirish kiritish taqiqlanadi.
Vashington XIX asr oxirida shtatlar orasidagi kelishuvga binoan maxsus poytaxt shahar sifatida bunyod etilgan. Hududi uncha katta bo‘lmagan shahar maxsus Kolumbiya okrugiga ajratilgan bo‘lib, Merilend va Virginiya shtatlari orasida joylashgan hamda bu shtatlar bilan birgalikda yagona metropolitan hududni tashkil qiladi: merilendliklar har kuni ishga Vashingtonga keladi, poytaxtga tashrif buyuruvchilar Virginiya aeroportlariga kelib tushadi va hokazo. Poytaxtni Merilenddan Rock Creek Park bog‘i ajratib turadi. Merilendning yondosh hududi — Silver-Spring shaharchasi Vashington uchun ham biznes markazi hisoblanadi, butun yirik biznes shu shaharda makon qurgan. Vashingtonda esa asosan siyosat va huquq bilan bog‘liq kompaniyalar ofislarga ega.
Shaharda muzeylar, tarixiy binolar, haykallar, Dupont Circle kabi bog‘lar va boshqa turistik obyektlar nihoyatda ko‘p. Oq Uy, Oliy sud singari davlat muassasalari binosida ham omma uchun ochiq hududlar, ko‘rgazmalar, shuningdek, turistlar qabul qilinadigan soatlar tashkil etilgan.
Vashingtonning eng mashhur inshootlari National Mall xiyobonida joylashgan. Kongress qarorgohi — Kapitoliydan boshlanib, Linkoln memorialida tugaydigan uzundan-uzoq ushbu xiyobon o‘zida AQSh mustaqilligining asosiy ramzlarini jamlagan. Kongress binosidan tashqari, ushbu xiyobon bo‘ylab sayr davomida mashhur obelisk — Vashington monumentini, Ikkinchi jahon urushi memorialini, Vashington memorialini aks ettirib turuvchi Reflecting Pool hovuzini va, albatta, Linkoln memorialini ko‘rish mumkin.
Shaharning diqqatga sazovor joylaridan Kongress kutubxonasini, shuningdek, Jefferson memorialini tilga olib o‘tish mumkin.
AQSh siyosatining markazi, prezident qarorgohi Oq Uy oldida har kuni tumonat odam to‘planib turadi. Ularning bir qismi sayyohlar bo‘lsa, qolganlari turli siyosiy talablar bilan to‘plangan fuqarolik jamiyati faollaridir. Jumladan, biz borganimizda Oq Uy oldida abortlarga qarshi, shuningdek, farzandlarini emizadigan ayollar diskriminatsiya qilinishiga qarshi piketlar o‘tkazilayotgan edi.
Bundan tashqari, butunjahon uyg‘urlari yetakchisi, mashhur inson huquqlari himoyachisi Robiya Qodir boshchiligida Xitoyda musulmonlarning tazyiqqa olinishiga qarshi uyushtirilayotgan piketga guvoh bo‘ldik. Robiya Qodir bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘libgina qolmay, undan O‘rta Osiyo xalqlari va xususan O‘zbekiston haqida ko‘p iliq so‘zlar eshitdik.
Ammo Vashingtondagi uchrashuvlarimiz bu bilan cheklanmadi. Oq Uy oldida qozog‘istonlik talabalar bilan uchrashib qolishimiz, shuningdek, Xalqaro matbuot markaziga hamda “Amerika ovozi” o‘zbek xizmatiga tashrifimiz ham esda qolarli bo‘ldi.
Vashingtonga xos yana ikki jihatni aytib o‘tsam. Birinchisi — shaharda Kongressdan balandroq bino qurish mumkin emas, shu uchun, Chikago yoki Nyu-Yorkdan farqli o‘laroq, bu yerda osmono‘par binolar yo‘q. Ikkinchisi — siyosiy markaz bo‘lgani bois shaharda xavfsizlik masalalariga juda jiddiy qaraladi. Shaharning turli qismlarida tekshiruvlar o‘tkazib turiladi, u yoki bu yo‘llar yopib qo‘yiladi yoki transport harakati cheklanadi. Bunday holatlarning ro‘y berishi shahardagi siyosiy voqeliklarga bevosita bog‘liq. Yirik tadbirlar chog‘ida xavfsizlik choralari ham kuchaytiriladi.
Vashington qurilgan hududda qadimda asosan qora tanli qullar istiqomat qilgan. Oq tanli aholi — plantatorlar esa Jorjtaunda va Aleksandriyada (Virginiya) o‘rnashgan. Afroamerikaliklar mamlakat poytaxtini o‘z qo‘llari bilan, o‘z hududlarida bunyod etganlaridan juda faxrlanadi. Yaqin-yaqingacha shahar aholisining 70 foizini aynan afroamerikaliklar tashkil etar edi. Ammo shaharda yirik qurilishlar ko‘payishi, uy-joyning qimmatlashishi natijasida ularning kattagina qismi chekka hududlarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Ketganlarning o‘rnini boshqa shtatlardan ko‘chib kelayotgan amaldorlar, siyosatchilar, huquqshunoslar va boshqa nufuzli kasb sohiblari egallamoqda. Bundan tashqari, shaharda uysizlar soni ham sezilarli darajada ko‘p — tungi soatlarda China Town atrofi va boshqa ba’zi ko‘chalar uysiz fuqarolarning “yotoqxona”siga aylanadi.
Vashington nihoyatda qimmat shahar sanalishiga qaramasdan, uning ichida ham alohida “boylar shaharchasi” — Jorjtaun mavjud. Jorjtaun Vashingtonning shimoli-g‘arbida, Potomak daryosi sohilida joylashgan tarixiy tuman bo‘lib, u nihoyatda shinam, o‘ziga xos me’morchiligi, qadimiy dahalari, do‘konlari va restoranlari bilan mashhur. Bu yerda Jon Kerri, Barak Obama singari siyosatchilar istiqomat qiladi. Vashingtonliklar va shahar mehmonlari Potomak sohilida sayr qilib yoki tamaddixonalarda yig‘ilib, sehrli oqshomlar o‘tkazadi. Daryoning narigi sohilida Virginiyaning Rozlin shahridagi osmono‘par inshootlar ko‘zga tashlanib turadi.
Izoh (0)