Bugun OAV sohasida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda yaratilgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilayotgan, jurnalistikani biznesga aylantirib, saviyani bir chetga surgan “tadbirkorlar” va noshirlar ham talay. “Oltin Asr Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati ijodiy markazi muassisligidagi “Oltin Asr” jurnali buning yaqqol dalili bo‘la oladi, deb yozadi “Xabar.uz”.
2017-yildan buyon nashr etilayotgan jurnal faoliyati nafaqat bugungi kun talablariga, balki jurnalistika norma va etikalariga ham mutlaqo javob bermaydi. Shu paytga qadar nashrdan chiqqan har bir sonida yuzlab imloviy xatolarga yo‘l qo‘yish uchun jurnalist yoki noshir qanchalik “yuksak mahorat”ga ega bo‘lishi kerak?! O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan jurnalning har bir sonidagi xatolar yuzasidan ogohlantirish va taqdimnomalar berilgan bo‘lsa-da, keyingi sonlarida bundan ham qo‘pol, yangi-yangi xatolarga yo‘l qo‘yishni qanday izohlash mumkin?
“Oltin Asr” jurnali muqovasining o‘ziyoq jurnalning ichki sahifalarida nimalar kutayotgani haqida ogohlantiradi.
Albatta, shu paytga qadar 10 ga yaqin sonini nashr etishga ulgurgan jurnal mualliflarining har bir xatosini sanab chiqishning imkoni yo‘q. Ammo misol tariqasida 2018-yilda chop etilgan 3-sonini tahlil etish kifoya. Muqovada ommaviy axborot vositalari so‘zlari qo‘shtirnoqqa olinib, “27-iyun O‘zbekiston “ommaviy axborot vositalari” xodimlarining kasb bayrami!..” shaklida yozilgan. Aslida, 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni emasmi? Yoki 40-sahifadagi “Ko‘ngil ochar bog‘ga marhabo” (“Ko‘ngilochar boqqa marhabo!”) sarlavhasi ostida berilgan materialda “tasarruf” – “ta’ssarruf”, “zamonaviy” – “zamonvaiy”, “attraksion” – “atraksion”, “albatta” – “albatda”, “unutmang” – “unitmang” kabi ko‘plab imlo xatolari uchraydi. Hatto jurnal haqidagi ma’lumotlar ham imloviy va mantiqiy xatolar bilan berilgan: “Tassischi:” (Ta’sischi), “Sahifalovchi Dizayner” (Sahifalovchi dizayner), “Musahhix” (Musahhih), “marotoba” (marotaba), “orginal” (original) va hokazo. Bundan tashqari, ayrim maqolalar sarlavhasi va matnlar aynan takrorlangan, materiallarning mazmuni va sarlavhasi bir xil, matnida faqatgina joy nomlari, ismlar va raqamlar o‘zgartirilgan, xolos.
Bundan tashqari, e’lon qilingan maqolalarda g‘aliz, tahrirtalab jumlalar juda ko‘p uchraydi. Masalan, “Bu xususda chet el OAV qator ijobiy maqolalar, radioeshittirish va ko‘rsatuvlar namoyish etilmoqda”, “Yurtimiz yuksalaversin, jahonda yagona davlat sifatida taraqqiy etaversin...” singari mantiqsiz va tuturuqsiz jumlalarga ko‘zingiz tushadi. Jurnalda e’lon qilingan ko‘plab materiallarda mualliflik huquqiga rioya etilmagan, maqola va xabarlar turli saytlardan olingan bo‘lishiga qaramasdan, manba ko‘rsatilmagan.
Eng qizig‘i, jurnal ta’sischilari va bosh muharriri tomonidan Agentlik taqdimnomalariga yozilgan javob xatlari ham imloviy xatolarga to‘la ekani bu nashrda savodsizlikka barham berish mutlaqo imkonsiz ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudiga mazkur jurnalga berilgan guvohnomani tugatish haqida da’vo arizasini kiritdi. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari, til qoidalari, jurnalistika etikasi va normalariga rioya etmagan nashrlarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Izoh (0)