Shu kunlarda Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida o‘zbekistonliklar ketayotgan avtobusning yonib ketishi bilan bog‘liq fojia yuzasidan sud majlislari bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Uz24 yozmoqda.
Ma’lumot uchun, 2018-yilning 18-yanvar kuni Samara – Chimkent yo‘lining 1068 kilometrida avtobus yonib ketishi oqibatida 52 nafar O‘zbekiston fuqarosi qurbon bo‘lgan edi.
Haydovchilar Barat Tanatarova, Nurjon Qirg‘izboyev va Maqsat Pernebekovlar yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslikda ayblanib hibsga olingan edi. Ularga 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Ayni damda Jinoyat ishi 52 tomdan oshib ketdi. Fojiada 100 dan ortiq odam jabrlanuvchi deb topilgan.
Keyinchalik haydovchilar bilan birga ayblanuvchilar kursisiga mexanik Bahodir Berdiboyev va avtobus firmasi direktori Nurlibek Telepboyevlar ham qo‘shilgan. Qonunga ko‘ra nosoz avtobus va haydovchilarning noto‘g‘ri xatti harakati uchun ular ham javob beradi.
Haydovchilardan ikki nafari — Nurjon Qirg‘izboyev va Maqsat Pernebekovlar o‘z ayblarini qisman tan oldi.
Qirg‘izboyevning aytishiga qaraganda, yonilg‘i quyish shoxobchasida ularga sifatsiz (yozgi) solyarka quyishgan. Qattiq sovuqdan solyarka muzlab qolgan va dvigatel to‘xtagan. Avtobus saloni tez soviy boshlagan. Qirg‘izboyev yo‘lovchilarga rahmi kelib olovli payvandlagichni yoqib, salon ichiga qo‘ygan.
Haydovchiga ko‘ra, ular yo‘ldan o‘tayotgan avtobusni ko‘rib undan yordam so‘rash maqsadida avtobusdan tushgan. Shu vaqt avtobus ichida ikki yo‘lovchi orasida janjal kelib chiqqan va ularning biri jahl ustida olovli payvandlagichni tepib yuborgan. Lampa qulab tushib salonda yong‘in boshlangan. Lampani tepib yuborgan yo‘lovchi yong‘indan qutulib qolishga muvaffaq bo‘lgan, uning oyog‘i kuygan xolos.
Haydovchilar eshikni ochganida salon ichidagi yong‘in yanada kuchayib ketgan. Yo‘lovchilar avtobusning ikkinchi qavatida, yuk birinchi qavatda ekani, yuk juda ko‘p bo‘lgani tufayli yo‘lovchilar avtobusni tezda tark eta olmagan. Avtobus to‘liq yonib ketishiga yetti daqiqa vaqt kerak bo‘lgan.
Advokatlar ish Irgiz tuman sudida emas, Aqto‘be shahar sudida ko‘rib chiqilishini so‘ragan, lekin sud bunga rad javobi bergan.
“Aqto‘bedan Irgizgacha 600 kilometr, ikkinchidan Irgizda jabrlanuvchilar va sudning boshqa ishtirokchilarini joylashtirish uchun mehmonxona ham yo‘q”, — degan advokat Nurjamol Ajig‘aliyeva.
Navbatdagi sud majlisi 7-avgustga belgilangan.
Izoh (0)