O‘zbekistonda “Obod mahalla” dasturi ijrosi doirasida poytaxt mahallalari obodonlashtirilmoqda, deb yozadi O‘zA.
29-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Olmazor tumanidagi bir qator ijtimoiy obyektlar, aholi turar joylariga tashrif buyurib, u yerdagi holat bilan yaqindan tanishgan edi. Mahallalar qiyofasini yangilash maqsadida qabul qilingan “Obod mahalla” dasturi doirasida Ibrohim ota mahallasidagi ko‘p qavatli uylar, ko‘cha va yo‘laklar ta’mirlanib, hudud obodonlashtirilmoqda.
Bu kabi sa’y-harakatlarni barcha mahallalarda ham keng ko‘lamda tashkil qilish, tumanning yangi markazi — Olmazor city’ni barpo etishda davlat va jamoat tashkilotlarining faolligini oshirish maqsadida Olmazor tumani hokimiyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va deputatlar tomonidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda ishtirok etgan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillariga mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish, ishlamayotgan zavodlarni tiklash, yangi korxonalar tashkil etish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berilib, hududni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan qator vazifalar muhokama etildi.
Jumladan, deputatlar ishtirokida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, imom-xatiblar, ta’lim muassasalari rahbarlari bilan birga mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholining bu boradagi fikr-mulohazalarini o‘rganish kerakligi tushuntirildi.
Yig‘ilishda tumandagi mutasaddi rahbarlarga to‘y va boshqa marosimlarni ixcham, ortiqcha dabdabalarsiz o‘tkazish borasida tushuntirish ishlari o‘tkazish topshirildi.
Mahallalardagi yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida hududdagi korxona va tashkilotlar bilan muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, savdo do‘konlari, sartaroshxona, tikuvchilik sexlariga yoshlarni ishga qabul qilish, bo‘sh turgan binolardan unumli foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)