5-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisining ikkinchi yarmida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining “Sog‘liqni saqlash sohasiga oid islohotlar amalga oshirilishining holati to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusiga ko‘ra “Mamlakatimizda nogironlikni belgilash amaliyoti va uni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axborotini eshitdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Birinchi masala yuzasidan berilgan axborotda ta’kidlanganidek, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga, uni tubdan isloh qilishga qaratilgan 104 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 ta farmoni, 24 ta qarori va 9 ta farmoyishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 37 ta qarori hamda 32 ta farmoyishi qabul qilingan.
Sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarini saqlab turish, xodimlarga ish haqi to‘lash, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlariga 2018-yilda Davlat budjetidan 9,6 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu 2017-yildagiga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir.
Hisobot davrida tibbiy ko‘riklar, jarrohlik amaliyotlari, shu jumladan, yuqori texnologiyali amaliyotlar o‘tkazish maqsadida 209 nafar chet el mutaxassisi mamlakatga taklif qilingan. 2017-yilning xuddi shu davriga nisbatan tibbiy ko‘riklar soni 8 723 taga, amaliyotlar soni 452 taga, yuqori texnologiyali amaliyotlar soni 289 taga, chet ellardan tashrif buyurgan mutaxassislar soni 45 taga oshgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘z axborotida sohada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, hali o‘z yechimini kutayotgan qator muammo va kamchiliklar mavjudligiga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, tez tibbiy yordam xizmati va sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini muassasalarining, ambulatoriya-poliklinika va statsionar tibbiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalarning o‘zaro integratsiyasi talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligini qayd etdi.
Hududlarda aholini, ayniqsa, yolg‘iz, keksa, nogironligi bo‘lgan, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarni, bo‘lajak onalar va bolalarni patronaj xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish borasidagi ishlar talab darajasida emas. Tez tibbiy yordam xizmati brigadalari hamda avtomobillari zamonaviy raqamli radioaloqa vositalari (ratsiyalar) va GPS-navigatsiya tizimlari bilan hanuzgacha to‘liq jihozlanmagan.
Vazirning axboroti yakunida deputatlar ushbu masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2018-yilning 9-martida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati tizimida Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, 14 ta Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari, 5 ta tuman, 70 ta tumanlararo, 4 ta shahar va 14 ta ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyat yuritmoqda.
2018-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar natijasida 16 yoshdan oshgan va nogironligi bo‘lgan shaxslar 582,4 ming nafarni tashkil etib, 12,4 ming nafar fuqaroga birlamchi nogironlik belgilangan.
Nogironlikni asosli belgilashni ta’minlash maqsadida Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va Bosh tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmati tomonidan ikki pog‘onali nazorat o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Irsiy va tug‘ma nuqsonli nogiron bolalarning tug‘ilishini oldini olish, bolalikdan nogironlik holatlarini kamaytirish maqsadida bugungi kunda respublikaning 11 ta hududida “Ona va bola” skrining markazlari tashkil etilib, ularda nasliy va tug‘ma kasalliklarga chalinish xavfli guruhiga mansub oilalar tibbiy-genetik tekshiruvidan o‘tkazilib, nogiron bolalar tug‘ilishining oldi olinmoqda.
Shu bilan birga, vazir ushbu yo‘nalishdagi ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib, hozirgi kunda respublikada Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, 10 ta hududiy Reabilitatsiya markazi faoliyat yuritib kelayotgani, ammo Buxoro, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida reabilitatsiya markazlari hozirgacha mavjud emasligini ta’kidlab o‘tdi.
Muhokamalar yakunlariga ko‘ra har ikkala masala yuzasidan Qonunchilik palatasining tegishli qarorlari qabul qilindi. Ularda sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq topshiriqlar belgilandi.
Izoh (0)