Rossiya va O‘zbekiston mamlakat janubida koinotni o‘rganishga mo‘ljallangan “Suffa” radioteleskopi qurilishini birgalikda oxiriga yetkazadi. Bu haqda Rossiya fanlar akademiyasi prezidenti Aleksandr Sergeyev ma’lum qildi, xabar bermoqda  Sputnik.

Foto: “Xalq so‘zi”

Rossiya fan va oliy ta’lim vazirligi hamda Rossiya fanlar akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonda bo‘ldi. Tashrif davomida 70 metrli “Suffa” radioteleskopi qurilishini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Maydanak observatoriyasi maydonida ham yana bir radioteleskopni ishga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

— Davlat rahbarlari darajasida “Suffa” radioteleskopi qurilishini xalqaro observatoriya doirasida oxiriga yetkazilishi haqida bir qarorga kelindi. Loyihada uchinchi davlatlar olimlari ishtiroki ham maqbul bo‘lar edi, — dedi Aleksandr Sergeyev.

Taxminlarga ko‘ra, teleskop qurilishi 2024-yilda yakuniga yetishi mumkin. Rossiya tomoni loyihaning qurilma va anjomlari, O‘zbekiston esa infrastruktura uchun javob beradi. Loyiha qiymati 100 million dollar atrofida baholanmoqda.