Bayram tadbiri 26-may kuni “Gruzinskiy dvorik” restoranida bo‘lib o‘tdi. Tadbir ramziy ravishda soat 18:10 da boshlandi, chunki bundan 100 yil avval aynan shu lahzalarda Gruziya mustaqil davlat deb e’lon qilingan. Tantanali kechani, O‘zbekistonda Gruziya elchisi vazifasini bajaruvchi Anzor Meladze ochib berdi.
Butun oqshom davomida gruzin milliy kuylari va raqslari kechani bezadi. O‘zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov ham bayram tadbiri go‘zal va unutilmas o‘tishi uchun o‘z hissasini qo‘shdi.
Mansur Toshmatov, O‘zbekiston xalq artisti:
“Men Gruziya diasporasining faxriy a’zosiman, gruzin tilini bilaman, Gruziyada tez-tez bo‘lib turaman va bu mamlakat an’analari, xalqini juda yaxshi ko‘raman. Bu oqshom do‘stlarim davrasida shunday tadbirda ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. Gruzin bayramlarida o‘zingni qardoshlar orasida his qilasan. Ko‘p an’analarimiz o‘xshash”.
Oqshom 1994-yilda tashkil qilingan “Megobroba” gruzin milliy madaniyat markazi bilan hamkorlikda tashkil qilingan bo‘lib, mazkur markaz tomonidan an’anaviy tarzda O‘zbekiston va Gruziya Mustaqillik bayramlari, taniqli san’atkorlar va madaniyat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib turadi.
Reklama huquqi asosida!