14-may kuni Vashingtonda O‘zbekiston adliya vaziri R. Davletovning Tinchlik instituti vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik vakillari ma’lum qildi.
AQShning Tinchlik instituti nizolarni bartaraf qilish va hal qilish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan faoliyatni amalga oshiruvchi mustaqil milliy tashkilotdir.
Institutning faoliyati o‘tkir xalqaro nizolarni bartaraf etish va tartibga solish, nizodan keyingi vaziyatni barqarorlashtirish, mablag‘larni ko‘paytirish, shuningdek, butun dunyoda nizolarni bartaraf etishga qodir boshqaruv va intellektual solohiyatni rivojlantirishga qaratilgan.
Uchrashuv chog‘ida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar bilan bir qatorda Adliya vazirligi faoliyati ham keng yoritildi.
Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek vazirlikning fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi roli, kutilayotgan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muloqot yakunida tomonlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi, bildirilgan fikr va takliflar asosida istiqboldagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Izoh (0)