Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida qo‘shni davlatdan o‘qish istagida kelgan bir guruh yoshlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili I. Irgashev, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari D. Nabiyev, Afg‘oniston Prezidentining MDH va Rossiya davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili M.Sh. Korgar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o‘rinbosari A. Kamolov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi A. Aziziy va boshqalar O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik, yaqin qo‘shnichilik va azaliy do‘stlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Markazning ko‘p qavatli muhtasham o‘quv binosi, talabalar turar joyi, axborot-resurs markazi, sport zali va maydonchalari, oshxona afg‘onistonlik talabalar uchun xizmat qilmoqda. Binoda kimyo va fizika kabi fanlarni chuqur o‘zlashtirish, temir yo‘l transporti tizimini puxta o‘rganish uchun lingafon xonalari, laboratoriyalar tashkil etilgan. Maishiy, savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatadigan shoxobchalar faoliyat yuritmoqda.
Axborot-resurs markazi iqtisodiy-texnik va ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlardagi fanlar bo‘yicha yetarli o‘quv va yordamchi darsliklar, badiiy va ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar, O‘zbekistonda ishlangan 50 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar, audio to‘plamlar disklari bilan to‘ldirilgan. Elektron kutubxona tizimiga lotin alifbosidagi 700 dan ziyod elektron adabiyot joylashtirilgan.
Ayni paytda o‘quv dargohida 96 nafar afg‘onistonlik o‘g‘il-qiz o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha kasb sirlarini o‘rganmoqda.
Tadbir ishtirokchilari talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. San’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Izoh (0)