Ostonada davom etayotgan III Yevrosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma yarmarkasi qizg‘in pallaga kirdi. Xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston delegatsiyasi munosib ishtirok etmoqda, deb yozadi O‘zA.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari S. Shukurov boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘iston Madaniyat va sport ishlari vazirligi mas’ul kotibi Q. Ualiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar, madaniyat namoyandalari bilan uchrashuvlar, kitob targ‘ibotiga doir tadbirlar davom etdi.
“Korme” ko‘rgazmalar markazining konferensiyalar zalida O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Iqbol Mirzo bilan ijodiy uchrashuv, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: islom olamining buyuk dahosi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Kunning ikkinchi yarmida ko‘rgazmaning faol ishtirokchilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Yevrosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi tashkiliy qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Agentlik tizimidagi “O‘zbekiston”, G‘afur G‘ulom, Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi, “Hilol nashr” nashriyot-matbaa korxonasi, “Buxoro kitob olami” mas’uliyati cheklangan jamiyati xalqaro ko‘rgazmadagi faol ishtiroki uchun taqdirlandi. Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi (“Vneklassnoye chteniye” — 1-4 sinflar uchun mo‘ljallangan darsdan tashqari kitobi uchun) “Eng yaxshi o‘quv adabiyoti”, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi (“O‘zbek xalq ertaklari” kitobi uchun) “Bolalar va o‘smirlar uchun eng yaxshi kitob” nominatsiyalarida maxsus diplomni qo‘lga kiritdi.
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi “Namangan” kitob albomi uchun “Eng yaxshi o‘lkashunoslik” nominatsiyasi bo‘yicha, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi “Alisher Navoiy qomusiy lug‘ati” uchun “Fan va innovatsiya” nominatsiyasida I darajali diplomga ega bo‘ldi.
Dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan 150 dan ortiq nashriyotlar qatnashgan ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy pavilyoni eng yaxshi ekspozitsiya, deb topildi.
“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan Nursulton Nazarboyevning “XXI asr arafasida” kitobi oliy mukofot — gran-prini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)