Rothschild & Co moliyaviy guruhi O‘zbekistonda ish boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Nasdaq birjasining saytiga asoslanib, Spot xabar berdi.
“O‘zbekiston — ulkan salohiyatga ega davlat va yangi ma’muriyat mamlakatni modernizatsiya qilish tarafdoriga o‘xshaydi”, — deydi kompaniya rahbarlaridan biri Jovanni Salvetti. Hozirda Rothschild & Co Qozog‘iston Milliy bankiga maslahat berish, shuningdek, mamlakatda konsultativ ishlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanmoqda.
Salvettining ma’lum qilishicha, Rothschild & Co ayni paytda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirish niyatida, chunki mamlakatda iqtisodiyotni ochish borasida islohotlar boshlab yuborilgan.
“Qozog‘istondagi ish modelimizni O‘zbekistonda ham qo‘llash mumkin — biz hukumatga xususiylashtirish to‘g‘risida maslahat beramiz, bank sektorini isloh qilishda yordam ko‘rsatamiz”, — deya ta’kidlaydi kompaniya rahbari.
Rothschild & Co — Rotshildlar oilasining fransuz va ingliz sho‘balari tomonidan boshqariladigan moliyaviy xolding kompaniya. Rothschild & Co Rotshildlar bank guruhining yetakchisi hisoblanib, kompaniya Rothscild Group, jumladan, N. M. Rothschild & Sons hamda Rothschild & Cie Banque’ni nazorat qiladi. Kompaniyaning 2015-yildagi aylanma mablag‘lari 1,4 milliard dollarni tashkil etgan, sof foyda esa 160 milliondan ko‘proqdir.
Izoh (0)