O‘zbekiston 2022-yilga qadar to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati 2,4 milliard dollarlik 143 ta loyihani amalga oshiradi. Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoati” assotsiatsiyasi raisning birinchi o‘rinbosari Bahodir Alixonov ma’lum qildi, deb yozadi Spot.
Loyihalar assotsiatsiya tomonidan ishlab chiqilgan 2018–2021-yillarda tarkibiy islohotlar, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va modernizatsiyasini ta’minlash bo‘yicha choralar dasturi doirasida amalga oshiriladi.
Dastur O‘zbekistonning barcha mintaqalarida vertikal integratsiyalashgan to‘qimachilik komplekslarini yaratish bo‘yicha loyihalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, mavjud ishlab chiqarishlarni to‘qimachilik mashinasozligi texnologik yetakchilari ishtirokida kengaytirish va modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Assotsiatsiya vakili, shuningdek, oxirgi o‘n yilda to‘qimachilik korxonalarining ishlab chiqarish quvvati 100 foizga yangilanganligini ta’kidladi. Oxirgi avlod qurilmalarining o‘rnatilishi mahsulot sifatining yaxshilanishi va uning jahon bozoridagi raqobatbardoshligining oshishiga olib keldi.
Izoh (0)