O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida sohaga oid ko‘plab vazifalar qatori qo‘mita tarkibidagi korxonalarni yo‘l-ta’mirlash texnikasi, moddiy-xomashyo resurslari bilan yetarli darajada ta’minlash, ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. 2017—2018-yillar mobaynida 223 dona yangi — yo‘l ta’miri va qurilishida ishlatiladigan texnikalarni xarid qilish haqida Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilindi, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.
Yo‘l ta’miri va qurilishi bo‘yicha yagona texnik siyosatni olib borish maqsadida yo‘l xo‘jaligi texnikalarini markazlashtirilgan tarzda Xitoyning O‘zbekistondagi UzXCMG qo‘shma korxonasi hammuassisi hisoblangan Xuzhou Construction Machinery Group Co Ltd. kompaniyasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilinmoqda. Bu esa Respublikadagi yo‘l xo‘jaligi korxonalari tomonidan foydalaniladigan texnikalarning ta’mirida yuzaga keladigan ortiqcha xarajatlarni qisqartirish imkonini ham beradi.
Bugungi kunda yo‘l qurilishi va ta’mirida ishlatiladigan 100 dan ortiq texnika xarid qilindi. Ular orasida quyidagilarni sanash mumkin:
- har xil rusumdagi zichlagichlar;
- turli rusumdagi yo‘l frezalari;
- avtogreyderlar;
- asfalt yotqizgichlar;
- asfalt-beton ishlab chiqarish zavodlari;
- zamonaviy ekskavatorlar.
Izoh (0)