22-fevral kuni Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasida jurnalistlar uchun matbuot anjumani uyushtirildi. Tadbir Ukraina uchun turli sohalar bo‘yicha yil yakunlari hamda galdagi vazifalar, shuningdek, O‘zbekiston – Ukraina munosabatlarining istiqbollariga bag‘ishlandi. Anjumanda “Daryo” vakili ishtirok etdi.
Ukraina elchisi Yuriy Savchenko 2017-yilda mamlakat iqtisodiyotida, ijtimoiy-siyosiy hayotida erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. Bundan tashqari, tashqi siyosat xususida so‘z yuritarkan, rasmiy Kiyevning ayrim hududlardagi urush holatiga chek qo‘yish, mamlakat suvereniteti va yaxlitligini tiklash, Qrim yarim oroli ustidan nazoratni tiklash borasidagi sa’y-harakatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir doirasida 2013-yil 22-noyabrida Kiyevda boshlangan, “Yevromaydon” voqealari sifatida mashhur Qadr-qimmat inqilobi qurbonlari yodga olindi. Eslatib o‘tamiz, Yevromaydon 2014-yil 22-fevral kuni prezident Yanukovichning chetlatilishi bilan yakunlangan edi. Elchixonadagi tadbir aynan shu sanaga mo‘ljallab tashkil etildi.
Ishtirokchilarga Yevromaydon voqealariga bag‘ishlangan qisqa videorolik namoyish etildi. Yana bir rolik Qrim yarim orolining Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi chog‘ida olingan jonli videolavhalardan iborat bo‘ldi.
Tadbirning ikkinchi qismi O‘zbekiston – Ukraina munosabatlariga bag‘ishlandi. Yuriy Savchenko 2018-yilda rasmiy Kiyev ikki tomonlama munosabatlar jonlanishiga umid bildirayotganini ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, u 2017-yilda ikki tomonlama tovar aylanmasi 36 foizga oshganini ta’kidlab o‘tdi. Bunda O‘zbekistonning Ukrainaga eksporti 70 foizga oshgani qayd qilib o‘tildi.
Shuningdek, elchi O‘zbekiston va Ukrainaning beshtadan viloyati rahbariyatlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tgani, kelajakda ular yaqindan hamkorlik qilishi rejalashtirilayotganini aytib o‘tdi. Jumladan, Xarkov – Toshkent, Xerson – Jizzax, Lvov – Samarqand, Zaporojye – Navoiy viloyatlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Aprel-may oylarida ikki tomonlama delegatsiya almashinuvi rejalashtirilmoqda. Shundan so‘ng konkret rejalar tuzilib, yilning ikkinchi yarmida hukumatlararo komissiya maslahatlashuvlari o‘tkazilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Yuriy Savchenko madaniy sohadagi loyihalarga to‘xtalib o‘tdi. Aytilishicha, joriy yilda “Qo‘shiq do‘stlarni birlashtiradi” nomi ostida ukrain-o‘zbek do‘stlik festivali o‘tkazilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, ukrain klassiklari Taras Shevchenko, Franko, Lesya Ukrainkalarning ayrim asarlari o‘zbek tilida chop etilishi rejalashtirilmoqda. Boshqa madaniy tadbirlar sirasida ikki mamlakat futbol klublari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilishi hamda Tashkent City velojamoasining Ukrainadagi turnirlardan birida qatnashishi aytib o‘tildi.
Suhbat yakunida elchi jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Izoh (0)