Qirg‘izistonda xizmat vazifasi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar, jumladan, korrupsiya yoki davlat mulkini talon-taroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilgan prokuratura va kuch organlari mansabdor shaxslari ro‘yxati tuziladi. Bu haqda Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari Damir Saginbayev ma’lum qildi, deb yozadi K-News.

Foto: K-News

“Bu ro‘yxat bizga nima uchun kerak? Jazoga tortilgan yoki ayblov hukmi chiqarilgan shaxslar mehnat faoliyatining oxiriga qadar biror joyda ishga tiklana olmasligi yoki davlat xizmati, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlariga ishga joylasha olmasligi uchun kerak”, — deydi Saginbayev.

Shuningdek, uning so‘zlariga qaraganda, korrupsiya va o‘g‘rilik faktlari bo‘yicha asossiz to‘xtatilgan yoki tugatilgan barcha jinoyat ishlari yaqin vaqt ichida yangidan qo‘zg‘atilib, ular bo‘yicha surishtiruv davom ettiriladi.